Fransiyaning yagona aviatashuvchisi O‘rta yer dengiziga yuborildi
Olam
−
05 mart 4543 2 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Eron atrofidagi vaziyat keskinlashgani ortidan mamlakatning yagona aviatashuvchisi — “Sharl de Goll” kemasi O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga yo‘l olganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamroh sifatida fregatlar va havo kuchlari ham mintaqada xavfsizlikni ta’minlash maqsadida jo‘natilgan. Kema avval Shimoliy Atlantika va Boltiq dengizi hududida NATO mashqlarida ishtirok etayotgan edi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
2001 yildan beri xizmat qilayotgan “Sharl de Goll” Fransiya harbiy-dengiz kuchlarining eng qudratli kemasi hisoblanadi. U AQSH flotidan tashqari dunyodagi yagona atom reaktori bilan harakatlanuvchi aviatashuvchidir. Uzunligi 261 metr, og‘irligi 42,5 ming tonna bo‘lgan kema ikkita K15 yadroviy reaktori bilan ishlaydi va uzoq muddat yoqilg‘i quymasdan harakatlanish imkoniga ega.
Aviatashuvchi odatda 20-30 ta samolyotni qabul qiladi. Hozirgi missiya doirasida unda 20 ta “Rafal M” qiruvchi samolyoti va ikkita “E-2C Hawkeye” erta ogohlantiruv samolyoti joylashtirilgan. “Rafal” samolyotlari 500 kilometrdan ortiq masofaga zarba beruvchi “SCALP” raketalari, kemalarga qarshi “Exocet” raketalari va havo jangi uchun Meteor raketalari bilan jihozlangan.
Kemaning o‘zi esa havo mudofaasi uchun “Aster-15” raketalari, avtomatik to‘plar va elektron kurash tizimlari bilan ta’minlangan. Aviatashuvchining asosiy vazifasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengiz jangi emas, balki havo hujum imkoniyatlarini ta’minlashdir.
“Sharl de Goll” ilgari ham bir qator harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan. Ular orasida Afg‘onistondagi operatsiyalar, 2011 yil Liviya amaliyoti, 2015-2019 yillarda Suriya va Iroqda “Islomiy davlat”ga qarshi kampaniya hamda Hind okeanidagi missiyalar bor.
Fransiya flotida yagona aviatashuvchi mavjud bo‘lib, u ta’mirlanish uchun ustaxonaga kiritilganda mamlakat vaqtincha bu strategik imkoniyatdan mahrum bo‘ladi. Hozirgi joylashtirish Eron tomoni Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopgani haqida bayonot bergani ortidan amalga oshirilgan. Bu yo‘lak orqali jahon neft va suyultirilgan gaz savdosining qariyb 20 foizi o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makron yadroviy jangovar kallaklar sonini oshirishni buyurgan edi.
Live
Barchasi