G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi tarkibi e’lon qilindi
Olam
−
17 yanvar 1695 3 daqiqa
AQSH G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy kengash tashkil etilganini e’lon qildi va G‘azo sektori bo‘yicha AQSH tinchlik tashabbusini amalga oshirish bilan shug‘ullanadigan xalqaro Tinchlik kengashi tarkibini ma’lum qildi. Bu haqda kecha, 16 yanvar kuni Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotda aytiladi.
Unga ko‘ra, kengashga avval Falastin milliy ma’muriyatida yuqori lavozimlarda ishlagan Ali Shaas rahbarlik qiladi. U G‘azoda asosiy davlat xizmatlarini tiklash, fuqarolik institutlarini qayta jonlantirish va kundalik hayotni barqarorlashtirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Bayonotda qayd etilishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan Tinchlik kengashi konsepsiyasini amalga oshirish uchun diplomatiya, infratuzilma, rivojlanish va iqtisodiy strategiya sohalarida tajribaga ega yetakchilar ishtirokida ijrochi organ shakllantirilgan.
Tinchlik kengashining Ijroiya kengashi tarkibiga quyidagilar kiritilgan:
- AQSH Davlat kotibi Marko Rubio;
- AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff;
- Donald Trampning kuyovi Jared Kushner;
- Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler;
- amerikalik milliarder Mark Rouen;
- Jahon banki prezidenti Adjay Banga.
- AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari Robert Gabriel.
Oq uyning aniqlik kiritilishicha, Ijroiya kengashining har bir a’zosi G‘azoni barqarorlashtirish va uzoq muddatli rivojlantirish bilan bog‘liq alohida yo‘nalishga rahbarlik qiladi. Asosiy vazifalar qatorida boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, infratuzilmani tiklash, investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, keng ko‘lamli moliyalashtirish va kapital safarbarligi ko‘rsatilgan.
Tinchlik kengashining katta maslahatchilari etib AQSH Federal xaridlar xizmati komissari Josh Gryunbaum hamda 2017–2021 yillarda AQSHning Isroildagi elchisi Devid Fridman huzurida katta maslahatchi bo‘lib ishlagan Are Laytstoun tayinlangan. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, ular kundalik strategik rahbarlik va operatsion faoliyat, shuningdek, kengashning diplomatik ustuvor yo‘nalishlarini amalda amalga oshirish uchun javob beradi.
Tinchlik kengashi va G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy kengash o‘rtasidagi bog‘lovchi shaxs etib bolgariyalik diplomat Nikolay Mladenov tayinlangan. U G‘azoni boshqarish, tiklash va rivojlantirish jarayonlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, fuqarolik va xavfsizlik tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Oliy vakil ofisi va G‘azoni boshqarish bo‘yicha Milliy kengash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun G‘azo bo‘yicha alohida Ijroiya kengashi tashkil etildi. Uning tarkibiga Stiv Uitkoff, Jared Kushner, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan, Qatarning yuqori martabali diplomati Ali al-Tavadi, Toni Bler, Mark Rouen, BAAning xalqaro hamkorlik bo‘yicha vaziri Rim al-Hoshimiy, Nikolay Mladenov, tadbirkor Yakir Gabay hamda Niderlandiyaning sobiq bosh vaziri o‘rinbosari Sigrid Kaag kiritilgan.
Xabarda, shuningdek, Donald Tramp bir kun avval G‘azo sektorida Tinchlik kengashi tuzilishini e’lon qilgani qayd etiladi. Uning tashkil etilishi AQSH tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, xalqaro kuchlarni joylashtirishni ham nazarda tutadi.
Live
Barchasi