AQSH G‘azo bo‘yicha rejaning ikkinchi bosqichini boshladi
Olam
−
15 yanvar 2051 3 daqiqa
Kecha, 14 yanvar kuni AQSH ma’muriyati G‘azodagi urushni tugatishga qaratilgan strategik rejaning ikkinchi bosqichi boshlanayotganini ma’lum qildi. Biroq rejaning birinchi bosqichidagi asosiy bandlar, jumladan, Isroil va HAMAS o‘rtasida to‘liq sulhga erishish hali amalga oshirilmagan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Keltirilishicha, ikkinchi bosqich doirasida Qo‘shma Shtatlar va vositachi davlatlar qurollarini topshirishdan bosh tortayotgan HAMAS jangari guruhini qurolsizlantirish, shuningdek, xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish kabi murakkab masalalarni hal etishi lozim bo‘ladi.
AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Vitkofning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bosqich “G‘azoda o‘tish davri uchun mutaxassislardan iborat (texnokratik) Falastin ma’muriyatini shakllantirish”, qurolsizlanish va qayta qurish jarayonini boshlashni nazarda tutadi.
Misr, Qatar va Turkiya vositachilarining qo‘shma bayonotiga ko‘ra, tuzilayotgan Falastin organi 15 a’zodan iborat bo‘ladi. Unga G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, Falastin ma’muriyatining sobiq vazir o‘rinbosari Ali Shaat rahbarlik qiladi. Ali Shaat ilgari sanoat zonalarini rivojlantirish bilan shug‘ullangan.
Isroil va HAMAS o‘tgan yilning oktyabr oyida Tramp rejasi doirasida kelishuvga erishgan edi. Unga ko‘ra, G‘azoni o‘tish davrida xalqaro “Tinchlik kengashi” nazorati ostidagi texnokratik Falastin organi boshqarishi kerak. Yevropalik diplomatning aytishicha, kelasi hafta Davos forumida Tinchlik kengashi bo‘yicha yana bir e’lon kutilmoqda.
Ismi oshkor etilishini istamagan AQSH rasmiysi jurnalistlarga 14 yanvar kuni Tramp tomonidan shaxsan tanlangan Tinchlik kengashi a’zolariga taklifnomalar yuborilganini ma’lum qilgan.
Ali Shaat radioga bergan intervyusida qo‘mita avvalo G‘azoga shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish, jumladan, ko‘chirilgan falastinliklarni uy-joy bilan ta’minlashga e’tibor qaratishini aytdi. Ayni paytda ularning aksariyati vayronalar orasidagi vaqtinchalik chodirlarda yashamoqda.
“Agar men buldozerlarni olib kelib, vayronalarni dengizga surib yuborsam, yangi orollar va yangi yerlar yaratish mumkin. Shu tariqa G‘azo uchun yangi hududlar hosil qilib, vayronalarni tozalashga erishamiz. Bu jarayon uch yildan ko‘p vaqt olmaydi”, dedi Shaat G‘arbiy Sohil radiostansiyasiga bergan intervyusida. (BMTning 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, G‘azoda vayron bo‘lgan uy-joylarni to‘liq tiklash kamida 2040 yilgacha davom etadi, ayrim hollarda esa bu jarayon uzoq yillarga cho‘zilishi mumkin.)
Stiv Vitkoffning ta’kidlashicha, Tramp rejasining ikkinchi bosqichi G‘azoni to‘liq demilitarizatsiya qilish va qayta qurishni, eng avvalo, barcha ruxsatsiz qurollangan shaxslarni qurolsizlantirishni nazarda tutadi. Qayd etish joizki, Hamas qurollarini topshirishdan bosh tortayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning oktyabr oyida G‘azo boshqaruvini texnokratik qo‘mitaga topshirishga rozilik bildirgan.
Ma’lumot uchun, rejaning birinchi bosqichi Isroilning G‘azodagi havo hujumlari, so‘nggi isroillik garovdagi mahbusning jasadi topilmagani hamda G‘azoning Misr bilan chegaradagi o‘tish punkti ochilishi kechikkani sababli to‘xtab qolgan edi. Shunga qaramay, Vashington rejaning ikkinchi bosqichini boshlashga qaror qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil HAMAS qo‘mondonini o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi