G‘azoda deyarli 20 yil ichida ilk bor saylovlar o‘tkazilmoqda
Olam
−
25 aprel 2122 4 daqiqa
G‘azo sektori markazida va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda falastinliklar mahalliy kengashlarga saylovlarda ovoz berishni boshladi. Bu Isroilning G‘azodagi qirg‘inbarot urushi boshlanganidan beri o‘tkazilayotgan ilk mahalliy ovoz berish jarayoni hisoblanadi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 24 aprel kuni ertalab mahalliy vaqt bilan soat 7:00 da G‘azoning Dayr al-Balah hududidagi 70 000 nafar saylovchi uchun saylov uchastkalari ochilgan. Bu qamal ostidagi anklavda so‘nggi 20 yil ichida o‘tkazilayotgan birinchi saylovdir.
G‘azoning faqat bitta shahridagi ovoz berish jarayoni asosan ramziy xarakterga ega bo‘lib, rasmiylar uni “sinov” (pilot loyiha) deb atamoqda. Dayr al-Balah Isroil kuchlari tomonidan vayron qilinmagan sanoqli hududlardan biri bo‘lgani uchun tanlab olingan.
Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda ham qariyb bir million ro‘yxatga olingan saylovchi suv, yo‘l va elektr ta’minotini nazorat qiluvchi mahalliy kengashlar tarkibini aniqlash uchun ovoz bermoqda. Bu ovoz berish jarayoni rasmiyatchilik sifatida ko‘rilmoqda, chunki ishg‘ol qilingan hududlardagi rasmiy siyosiy qarorlar Isroilning roziligisiz qabul qilinmaydi.

Ushbu saylovlar qattiq cheklangan siyosiy muhit va jamiyatdagi chuqur hafsala pir bo‘lishi fonida o‘tmoqda. Falastin ma’muriyati (PA) korrupsiya, siyosiy turg‘unlik va 2006 yildan beri milliy saylovlar o‘tkazilmayotganidan g‘azablangan xalq oldida islohotlar va o‘z legitimligini ko‘rsatishga intilmoqda.
Saylov ro‘yxatlarining aksariyati Prezident Mahmud Abbosning FATH harakati yoki mustaqil nomzodlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. G‘azoning bir qismini nazorat qiluvchi HAMAS yoki boshqa siyosiy partiyalar saylovda rasman ishtirok etmayapti.
G‘azoning katta qismi ikki yillik urush tufayli vayron bo‘lgan bir sharoitda, Ramallohda joylashgan Markaziy saylov komissiyasi birinchi ovoz berishni Dayr al-Balahda o‘tkazishga qaror qilgan. An’anaviy saylovchilarni ro‘yxatga olish imkonsiz bo‘lgani sababli, komissiya yangicha usullarni qo‘llashga majbur bo‘lgan.
“Asosiy g‘oya – G‘arbiy Sohil va G‘azoni siyosiy jihatdan yagona tizim sifatida bog‘lash”, deydi komissiya vakili Farid Taamallah.
Uning qo‘shimcha qilishicha, komissiya Dayr al-Balahdagi ovoz berishdan oldin Isroil yoki HAMAS bilan bevosita muvofiqlashtirish ishlarini olib bormagan va G‘azoga saylov byulletenlari, qutilar yoki maxsus siyoh kabi materiallarni yuborish imkoniga ega bo‘lmagan.
Falastinda saylovchilar ishtiroki borgan sari kamayib borayotgan bo‘lsa-da, o‘tmishdagi mahalliy saylovlarda faollik mintaqaviy standartlar bo‘yicha nisbatan yuqori (o‘rtacha 50-60 foiz) bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, HAMAS 2006 yilgi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan va bir yildan so‘ng G‘azo nazoratini FATH boshchiligidagi Falastin ma’muriyatidan tortib olgan. Harakat joriy saylovga o‘z nomzodlarini qo‘ymagan, biroq Falastin siyosiy va ijtimoiy tadqiqotlar markazi so‘rovlari shuni ko‘rsatadiki, HAMAS hamon G‘azoda ham, G‘arbiy Sohilda ham eng nufuzli siyosiy kuch bo‘lib qolmoqda.
BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus koordinatori o‘rinbosari Ramiz Alakbarov ushbu saylovlarni “falastinliklar uchun bunday o‘ta og‘ir davrda o‘z demokratik huquqlaridan foydalanish uchun muhim imkoniyat” deb atagan.
Isroil kuchlari o‘tgan yili G‘azoning ayrim qismlaridan, jumladan Dayr al-Balahdan qisman chiqib ketgan bo‘lsa-da, HAMAS hududning yarmini nazorat qilishda davom etmoqda. Biroq anklav AQSH Prezidenti Donald Trampning “20 banddan iborat rejasi” asosida yangi boshqaruv tuzilmasiga o‘tishga tayyorlanmoqda.
Ushbu rejaga ko‘ra, xalqaro vakillardan iborat “Tinchlik kengashi” va saylanmagan falastinliklardan iborat qo‘mita tuzilishi ko‘zda tutilgan. HAMASni qurolsizlantirish, qayta tiklash va hokimiyatni topshirish kabi keyingi bosqichlardagi siljishlar hozircha to‘xtab qolgan.
Falastinning 90 yoshli Prezidenti Mahmud Abbos o‘tgan yili G‘arb donorlarining talablariga muvofiq saylov tizimini tubdan o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Islohotlar partiya ro‘yxatlari uchun emas, balki alohida shaxslar uchun ovoz berishga imkon beradi, nomzodlarning yosh chegarasini pasaytiradi va ayol nomzodlar uchun kvotalarni oshiradi.
Yanvar oyida Abbosning yana bir farmoni chiqqan: unga ko‘ra nomzodlar Falastin ozodlik tashkiloti (FOT) dasturini qabul qilishlari shart. Ushbu dastur Isroilni tan olish va qurolli kurashdan voz kechishni nazarda tutadi, bu esa amalda HAMAS va boshqa guruhlarni jarayondan chetlashtiradi.
G‘arbiy Sohilning 60 foizini tashkil etuvchi va to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroil nazoratida qolayotgan “C hududi”dagi qishloqlarda ham ovoz berish o‘tkazilmoqda. Bu munitsipal saylovlar qanchalik cheklovlar ostida ekanini ko‘rsatadi.
Saylov kampaniyasi plakatlari ko‘plab shaharlarga yopishtirilgan bo‘lsa-da, ba’zi joylarda” jumladan” Ramalloh va Nablusda nomzodlar yetishmasligi sababli saylovlar o‘tkazilmaydi.
Isroil bilan tinchlik muzokaralari yillar davomida to‘xtab qolgani va G‘arbiy Sohilda Isroil aholi punktlarining kengayishi oqibatida Falastin ma’muriyatining ta’siri va qudrati sezilarli darajada zaiflashgan.
Live
BarchasiAQSHda odam itni tishlab oldi
28 aprel