G‘azoda 300 juftlik ishtirokida ommaviy to‘y o‘tkazildi (video)
Olam
−
25 aprel 8804 2 daqiqa
Kecha, 24 aprel kuni G‘azo sektori markazida Birlashgan Arab Amirliklari ko‘magida 300 juftlik ishtirokida ommaviy to‘y marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, G‘azodagi eng yirik ommaviy to‘ylardan biri bo‘lgan ushbu marosimga oilalar, jamoat yetakchilari hamda mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari tashrif buyurgan. Tashkilotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, tadbirda qariyb 20 000 kishi ishtirok etgan.
Ushbu tadbir BAAning “Gallant Knight 3” (Jasur ritsar 3) insonparvarlik operatsiyasi doirasida va “Joy Dress 2” (Quvonch libosi 2) shiori ostida tashkil etilgan. Mazkur dastur nikoh qurishda ortib borayotgan moliyaviy to‘siqlarga duch kelayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan.
Juftliklar joriy yil fevral oyi oxirida ro‘yxatdan o‘tish boshlanganda ariza topshirgan minglab nomzodlar orasidan tanlab olingan. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, tanlov jarayoni qat’iy bo‘lib, bunda ilgari turmush qurmagan, daromadi va boshqa mezonlarga mos keladigan G‘azo istiqomatchilariga ustuvorlik berilgan.
Tashabbus nafaqat marosimni o‘tkazishni, balki yangi oilalarning ro‘zg‘or tebratishlari uchun moliyaviy va moddiy yordam berishni, jumladan, to‘yning asosiy xarajatlari va bazaviy ehtiyojlarini qoplashni ham o‘z ichiga olgan.
Bayram tadbiri rasmiy va madaniy elementlar uyg‘unligida o‘tgan: Qur’on tilovati, nikohning rasmiy e’lon qilinishi va falastinliklarning an’anaviy “dabke” raqsi ijro etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning dekabr oyida ham G‘azo sektorining janubidagi Xon Yunus shahrida BAAning 54 yillik ittifoq kuni munosabati bilan Abu-Dabi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bayramda 54 juftlik uchun ommaviy to‘y bo‘lib o‘tgan edi.
Live
Barchasi