Japarov va Tashiyev tandemi tugadi!

Tahlil

Qirg‘izistonda Prezident Sadir Japarov raqobatdan qo‘rqqani uchun o‘z do‘stini “chopdi”. 2020 yildan joriy yilning 10 fevraliga qadar Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasini boshqargan va navbatdagi prezident bo‘lishi mumkinligi aytib kelingan Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilgach, shu kabi xabarlar ko‘payib ketdi. Xo‘sh, Tashiyev nima uchun “xavfli” raqibga aylandi? Fuqarolar uni potensial prezident deb ishonishlariga nimalar sabab bo‘lgan? Mamlakat tarixida eng yaxshi tandem sifatida baholangan ikki amaldor o‘rtasida rostdan ham raqobat bormidi? Tashiyev nega ishdan bo‘shatilishi haqida, hatto ogohlantirilmagan?

Tashiyev – potensial xavf va “Ikkinchi quyosh”

Qirg‘izistonning zamonaviy tarixida Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev kabi bir-biriga yaqin va ayni paytda bir-birini muvozanatda ushlab turgan duet deyarli bo‘lmagan. Biroq, siyosatning qattiq qonunlari shuni ko‘rsatadiki, “ikki qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamaydi” yoki bir oz boshqacha qilib aytganda, bir osmonga ikkita quyosh ko‘plik qiladi. Tashiyevning ishdan olinishi yoki uning atrofidagi bosimlar shunchaki kadrlar almashinuvi emas, balki tizimli strategiyaning mahsulidir deyish mumkin.

Tashiyevning ishdan olinishi haqidagi farazlarning boshida uning haddan tashqari “kuchayib” ketgani turadi. Bunda kuch ishlatish tuzilmalari ustidan nazorat ham rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari sifatida nafaqat razvedka, balki korrupsiyaga qarshi kurash, chegara masalalari va hatto iqtisodiy jarayonlarga ham ta’sir o‘tkaza boshlagandi.

Qolaversa, Tashiyevning xalq ichidagi chiqishlari, o‘zini “millat himoyachisi” sifatida ko‘rsatishi, ayniqsa, Tojikiston bilan chegara mojarolaridagi roli uni Japarovning shunchaki yordamchisi emas, balki unga teng kuchli, muqobil nomzodga aylantirdi. Ichki siyosiy elitada: “Prezident kim – Japarovmi yoki Tashiyev?”, degan savolning tez-tez yangrashi prezident ma’muriyati uchun jiddiy signal bo‘lgandir ehtimol.

Joriy yil, fevral oyi boshida bir guruh taniqli davlat va jamoat arboblari prezident Sadir Japarovga muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tashabbusi bilan murojaat qilgandi. Ba’zi ekspertlar Tashiyev oliy lavozim uchun bo‘lajak kurashga kirishishi mumkin, deb fikr bildirganida, Qamchibek Tashiyev bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.

Tashiyevning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmon imzolanishi yuzasidan berilgan rasmiy bayonotda ham so‘zma-so‘z biz aytgan gaplar bo‘lmasa-da, mazmunan shularga yaqin jumlalar bor. Sadir Japarovning matbuot kotibi Askat Alagozov “prezidentning ushbu qarori davlat manfaatlari yo‘lida, jamiyatda, jumladan, davlat tuzilmalari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash maqsadida” qabul qilinganini aytdi.

Qiziqarli tomoni, Tashiyev ishdan bo‘shatilganini Germaniyadagi shifoxonada davolanyotgan paytida bilgan. Bu qaror o‘zi uchun kutilmagan bo‘lganini aytdi. Joriy yil, 11 fevral kuni uning bayonoti e’lon qilindi. Ta’kidlanishicha, Tashiyev sog‘lig‘idagi muammo sababli Prezident ruxsati bilan Olmoniyaga borgan. 

“Qanday bo‘lmasin, biz Prezident qaroriga bo‘ysunamiz. Men davlatimizga, xalqimizga va Prezidentimizga sharaf bilan xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Shaxsiy tarkib bilan xayrlashish imkoniyati berilmagani meni bir oz xafa qildi”, degan sobiq rahbar.

Shuningdek, Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlariga minnatdorlik bildirib, ularning keyingi faoliyatiga muvaffaqiyat tilagan. U mamlakatda tinchlik va barqarorlik saqlanishi zarurligini ta’kidlab, barcha harakatlar qonun doirasida bo‘lishi kerakligini qayd etgan. Ma’lumot o‘rnida Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Tashiyevning obro‘si: nima uchun xalq uni “Prezident” sifatida ko‘rdi?

Tashiyevning xalq ichidagi obro‘si uning bir necha keskin va populistik qadamlari evaziga o‘sdi. Ulardan biri chegara masalasi. Tojikiston bilan sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlarda shaxsan o‘zi front chizig‘ida bo‘lishi va “bir qarich yerni ham bermaymiz” qabilidagi ritorikasi uni milliy qahramon darajasiga ko‘tardi.

2022 yilning 17 sentyabrida Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yirik mojaro sodir bo‘lgan edi. O‘shanda ikkala tomondan ham o‘nlab odamlar jarohat olgan va halok bo‘lgan. Qurolli to‘qnashuv tufayli Qirg‘iziston 136 mingdan ortiq fuqarosini evakuatsiya qildi, 87 kishi jabrlangani aytildi. Tojikiston esa qirg‘iz tomoni jangovar vertolyotlar va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida hujum qilayotganini bildirgan edi. Xavotirli va qonli bu jarayonda katta sanhaga Tashiyev chiqdi, otishma paytida ham aynan manzilda bo‘lishi orqali, keyinchalik esa mojaroni tinchitishda ham u katta rol o‘ynadi.

Hozir sobiq deb aytilayotgan amaldorning yana bir xalq tomonidan olqishlangan ishi “ko‘cha”ga qarshi chiqishi bo‘ldi. Uyushgan jinoiy guruhlar va korrupsionerlar bilan kurashda “qo‘llarini kesamiz” kabi keskin bayonotlari qat’iyatni sog‘ingan xalqqa ma’qul keldi. Ayniqsa, 2023 yilning 4 oktyabrida qirg‘izistonlik kriminal avtoritet “Kolya qirg‘iz”, ya’ni Qamchibek Ko‘lboyevning Bishkekda o‘ldirilishi “qora kuchlar”ga nisbatan boshlangan tozalash ancha keskinligini isbotladi. Bu esa ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Qamchibek Tashiyev xayriya ishlari orqali ham o‘z imijini yaxshi tomondan tanita olgan. Uning yordamchilari va o‘zi tomonidan amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalar, sportchilarni qo‘llab-quvvatlashi Tashiyevning shaxsiy brendini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi doirasidan ancha tashqariga olib chiqdi.

Japarovning qo‘rquvi: yordamchilarning tozalanishi

Siyosiy tahlilchilar Tashiyev va uning yaqin odamlari hamda yordamchilarining lavozimidan chetlatilishini “shoxlarni qirqish” operatsiyasi deb baholashmoqda. Maqsad Tashiyevni moliyaviy va ma’muriy resurslardan mahrum qilish. Mantiqan olganda, bu fikrlarda ham jon bor. Japarov 2020-yildagi voqealarni yaxshi eslaydi. Hokimiyat ko‘chada va kuch bilan almashuvi mumkin bo‘lgan davlatda, eng yaqin do‘st eng xavfli dushmanga aylanishi, hech gap emas. Agar Tashiyevning atrofida sadoqatli “gvardiya” shakllangan bo‘lsa, bu amaldagi prezident uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid deb baholanishi aniq!

Ehtimol, shu sabab Tashiyevning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ham ishdan olindi.

Do‘stlikdan raqobatgacha. Tarixiy xronika

Japarov va Tashiyev munosabatlari 20 yildan ortiq tarixga ega. Ularning ittifoqi bir necha muhim bosqichlardan o‘tgan. Ularning ilk tanishuvi 2005 yilga to‘g‘ri keladi. Ikkalasi ham parlamentga deputat bo‘lib kelgan o‘sha paytda.
2010 yilda esa ular birgalikda “Ata-Jurt” partiyasi tarkibida saylovlarda g‘alaba qozonishgan.
2012 yildagi “Kumtor” bo‘yicha miting voqealaridan keyin ikkalasi ham qamoqqa olindi. Bu esa ularni endi “taqdirdosh” qildi.
2020 yilda ularning hayotidagi yangi sahifa ochildi. Oktyabr oyida hokimiyat almashinuvi sodir bo‘ldi. Tashiyev Japarovni qamoqdan chiqarishda va prezidentlikka olib kelishda asosiy rol o‘ynagani aytiladi. O‘zi esa MXDQ rahbari etib tayinlangan va kuchishlatar blokining asosiy tayanchiga aylangan.
2021-2025 yillarni esa “Tandem davri” nomi bilan atash mumkin. Mana shu oraliqda Tashiyev “Sadir Nurgofoyevich – mening birodarim, unga xiyonat qilmayman”, deb bir necha bor ta’kidlagan bo‘lsa, Japarov uni “Mening eng ishonchli tayanchim”, deb atardi.
Qamchibek Tashiyev o‘z intervyularidan birida: “Sadir ikkimiz bir tanu, bir jonmiz. Bizni hech kim ayira olmaydi”, – degan edi.  Hozir nima bo‘layotganini esa ko‘rib turibsiz. 

Jamoatchilik munosabati

Qirg‘iz jamiyati bu masalada ikki qutbga bo‘lingan. Tashiyev tarafdorlari uning ishdan olinishini Japarovning xiyonati deb hisoblayapti va prezident endi hokimiyatni yolg‘iz ushlab tura olmaydi deyishmoqda.
Barqarorlik tarafdorlari esa davlatda ikki hokimiyatchilik bo‘lmasligi kerakligini, barcha tizimlar faqat bir shaxsga – Prezidentga bo‘ysunishi shartligini ta’kidlayapti.

Tashiyevning siyosiy sahnadan chetlatilishi – Qirg‘izistonda avtoritarizmning kuchayishi va “yagona rahbar” tizimiga o‘tilayotganidan dalolat beradi, deb ayta olamiz. Bu Japarov uchun o‘z kursini mustahkamlash bo‘lsa, davlat barqarorligi uchun yangi xavflar – norozi janubiy elita va MXDQ ichidagi ehtimoliy bo‘linishni keltirib chiqarishi mumkin. 

Ammo, Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev o‘rtasidagi bu “ixtilof” yoki lavozimdan ketish masalasi, aslida, katta siyosiy spektaklning bir qismi bo‘lishi mumkin. Bu versiyani bir nechta taxminlar bilan ko‘rib chiqamiz. 

Siyosatda shunchaki bugungi kun bilan yashash emas, balki o‘n qadam oldinni hisobga olib harakat qilish juda muhim. Shu sabab bu voqelik “panaga olish” yoki  “himoya qilish” bo‘lishi mumkin.  Tashiyev hozirgacha eng og‘ir va ziddiyatli masalalar: chegara, korrupsiya, ichki tozalash bilan shug‘ullanayotgandi. Osondan oson pul topayotgan jinoiy to‘dalarga ham, ichkaridagi amal egalariga ham yomon ko‘rinayotgan u edi. Tashiyevni vaqtincha “pana”ga olish – uning siyosiy imijini kutilmagan zarbalardan asrash va “charchagan rahbar” obrazidan chiqarib, xalq sog‘ingan “najotkor” sifatida qaytarish uchun qilingan strategik pauza bo‘lishi mumkinmasmi sizningcha?

Yana bir versiya, bu vorislikka tayyorgarlik. Japarov o‘zidan keyin tizimni ishonchli qo‘llarda qolishini istaydi. Tashiyevning bugun “jabrlanuvchi” yoki “iste’fodagi qahramon” sifatida chetga chiqishi, ertaga uni prezidentlik saylovlarida eng kuchli va mustaqil nomzod sifatida ko‘rsatish uchun zamin yaratadi.

Navbatdagi ehtimoliy maqsad raqiblarni aldash bo‘lishi mumkin. Ushbu “sahnalashtirilgan ajralish” ichki va tashqi siyosiy muxolifatchilarni chalg‘itishga xizmat qiladi. Ikki do‘st go‘yoki bir-biri bilan kelisholmayotgandek ko‘rinsa-da, aslida barcha iplar hali ham bir nuqtada birlashadi.

Xulosa qilib aytganda, bu chekinish – mag‘lubiyat emas, balki keyingi buyuk sakrash uchun bir qadam orqaga tashlash bo‘lishi mumkin. Japarov va Tashiyev tandemini yillar sinagan va bunday katta rejani faqat ular kabi bir-biriga tish-tirnog‘i bilan bog‘langan do‘stlargina amalga oshira oladi.
Xo‘sh, siz bu masalada qanday fikrdasiz? Izohlarda yozib qoldiring!


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Qirg'iziston Milliy xavfsizlik Sadir Japarov Qamchibek Tashiev Siyosat “millat himoyachisi” Do'stlikdan raqobatgacha Tarixiy xronika Jamoatchilik Qirg'iz jamiyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing