Grizmann muxlislardan “Barsa”ga o‘tgani uchun uzr so‘radi
Sport
−
18 may 1267 2 daqiqa
Kecha, 17 may kuni Antuan Grizmann “Atletiko Madrid” muxlislari bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Unda Grizmann klub muxlislaridan bir vaqtlar “Barselona”ga o‘tgani uchun uzr so‘radi.
“Avvalo, qolganingiz uchun rahmat. Bu men uchun juda muhim. Ayrim muxlislar hali ham meni kechirmaganini bilaman, shuning uchun yana bir bor uzr so‘ramoqchiman. Men bu yerda qanchalik qadrli ekanimni o‘sha paytda anglamagan ekanman. Yosh edim, xato qildim, keyin fikrimni o‘zgartirdim va qaytib kelib, o‘sha tuyg‘ularni yana his qilish uchun qo‘limdan kelganicha harakat qildim”, deydi Grizmann.
Avvalroq, 35 yoshli fransiyalik hujumchi joriy mavsum yakunida madridliklar safini tark etishi va faoliyatini “Orlando Siti”da davom ettirishi ma’lum qilingan edi.
“2014 yildan buyon barcha jamoadoshlarimga minnatdorchilik bildiraman. Murabbiylar shtabiga, ayniqsa Diyego Simeonega alohida tashakkur. U hamma narsani o‘zgartirdi. Bu stadiondagi muhit va ishtiyoq tufayli men jahon chempioni bo‘ldim va o‘zimni eng yaxshilardan biri sifatida his qildim. To‘g‘ri, biz La Liga yoki Chempionlar ligasida g‘alaba qozona olmadik. Ammo bugungi g‘alaba men uchun juda muhim. Sizlarning mehringizni umr bo‘yi qadrlayman. Va nihoyat, farzandlaringizni bu yerga olib kelib, ularga “Atletiko” nima ekanini — dunyodagi eng yaxshi klubni ko‘rsatganingiz uchun rahmat”, deydi Grizmann.
Ma’lumot uchun, Antuan Grizmann 2014–2019 yillarda “Atletiko Madrid” safida to‘p surgan, shundan so‘ng “Barselona”ga o‘tgan edi. U 2021 yilda yana madridliklar safiga qaytdi. Fransiyalik futbolchi “Atletiko” bilan Yevropa ligasi, UEFA Superkubogi va Ispaniya Superkubogining bosh sovrinlarini qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi