Ilk bor o‘zbekistonlik qiz “Britain’s Got Talent” loyihasida ishtirok etdi (video)
Madaniyat-san’at
−
25 mart 22309 2 daqiqa
Angliyaning Blekpul shahrida o‘tkazilgan dunyoga mashhur “Britain’s Got Talent” loyihasining saralash bosqichida ilk bor O‘zbekiston nomidan 11 yoshli Yasmina Husniddinova ishtirok etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yasmina Husniddinova Toshkent shahar 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabining estrada xonandaligi yo‘nalishi 5-sinf o‘quvchisi hisoblanadi. U hakamlar hay’atidan 4 ta “Ha” javobini qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘l olgan.
U o‘z chiqishida “The Greatest Showman” (“Buyuk shoumen”) filmidagi “Never Enough” qo‘shig‘ini ijro etgan.
“Ovozingiz kuchi va uni boshqarishingiz shunchaki aql bovar qilmaydigan darajada”, deydi hakamlardan biri Amanda.
Alesha esa Yasmina yaratgan past va baland ovozlar o‘rtasidagi kontrast juda yoqqanini, bu oqilona tanlov bo‘lganini, chunki ijro ham nafis, ham juda ta’sirli chiqqanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Yasmina Husniddinova Belarusda o‘tkazilgan Slavyanskiy bazar – Vitebsk 2024 festivalida Gran-pri sohibasi hamda Italiyada o‘tkazilgan nufuzli “San Junior” xalqaro tanlovida qatnashib, dunyoning 25 ta davlat vakillari o‘rtasida Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Yasmina Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar ovozi – Bo‘zatov FEST” respublika tanlovining ham 2024 yilgi g‘olibi hisoblanadi.
Live
Barchasi