Isroil politsiyasi BMT tashkilotining binosiga bostirib kirdi
Olam
−
10 dekabr 3802 2 daqiqa
2025 yilning 8 dekabr kuni tong saharda Isroil politsiyasi Sharqiy Quddusda joylashgan BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi binosiga kuch bilan bostirib kirdi. Bu haqda agentlik o‘zining rasmiy saytida xabar berdi.
Qayd etilishicha, politsiya mototsikllari, shuningdek, yuk mashinalari va forkliftlar olib kirilgan va barcha aloqa vositalari uzib qo‘yilgan. Mebel, IT-uskunalari va boshqa mulklar musodara qilingan. BMT bayrog‘i tushirib tashlangan va uning o‘rniga Isroil bayrog‘i ko‘tarilgan.
Bu so‘nggi harakat Isroilning Birlashgan millatlar tashkilotiga a’zo davlat sifatidagi majburiyatlariga, ya’ni BMT binolarining daxlsizligini himoya qilish va hurmat qilish majburiyatiga ochiqdan-ochiq bepisandlikdir.
Bir necha oydan beri davom etayotgan ta’qiblar – 2024 yildagi yondirish (arson) hujumlari, nafratga asoslangan namoyishlar va qo‘rqitishlar, keng ko‘lamli dezinformatsiya kampaniyasi, shuningdek Isroil parlamenti tomonidan xalqaro majburiyatlarga zid ravishda qabul qilingan anti-UNRWA qonunchiligi tufayli UNRWA xodimlari yil boshida majmuani tark etishga majbur bo‘lgan edi.
“Biroq ichki ravishda qanday choralar ko‘rilishidan qat’i nazar, majmua o‘zining BMT binosi maqomini saqlab qoladi va har qanday aralashuvdan himoyalangan.
Isroil BMTning imtiyozlari va daxlsizligi to‘g‘risidagi Konvensiyaga a’zo hisoblanadi. Mazkur Konvensiya BMT binolarini daxlsiz deb belgilaydi — boshqacha qilib aytganda, ularni tintuv qilish yoki musodara qilish mumkin emas va BMT mulki hamda aktivlariga nisbatan yuridik jarayonlardan himoya qiladi”, deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, Xalqaro sud ham Isroil UNRWA va boshqa BMT agentliklari bilan hamkorlik qilishga majbur ekanini ta’kidlagan.
“Hech qanday istisno bo‘lishi mumkin emas. Bunga yo‘l qo‘yish xalqaro huquqqa yangi tahdid tug‘diradi va dunyoning istalgan nuqtasida BMTning mavjudligiga xavf soluvchi xavfli pretsedent yaratadi”, deyiladi xabarda.
UNRWA qanday tashkilot?
BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi (United Nations Relief and Works Agency for Palestine Refugees) 1948 yilda tashkil qilingan. U dastlab, Isroil tashkil etilishi atrofidagi urush paytida – hozirgi Isroil hududidan qochgan yoki haydab chiqarilgan taxminan 700 ming falastinlikka yordam bergan.
Bugungi kunda agentlik – G‘azo, bosib olingan G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda yashovchi qariyb 2,5 million falastinlik qochqinga yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Suriya, Iordaniya va Livandagi yana 3 million qochqinga ham xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 3 dekabr kuni Isroil armiyasi tomonidan G‘azo shahrida kuchli g‘ujum uyushtirildi va oqibatda 7 kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi