Tayvan vakili Isroilga maxfiy safar qildi
Olam
−
11 dekabr 2331 3 daqiqa
Tayvanning yuqori lavozimli tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Fransua Vu yaqinda ommaga e’lon qilinmagan tarzda Isroilga safar qilgan. Bu haqda ushbu safardan xabardor uchta manbaga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
Bu Tayvanning Isroil bilan mudofaa sohasida hamkorlik izlayotgan bir davriga to‘g‘ri kelmoqda.
Pekin bosimi tufayli Tayvanning rasmiy diplomatik aloqalari juda kam. Chunki Xitoy Tayvanni mustaqil mamlakat emas, balki o‘zining bir provinsiyasi deb hisoblaydi. Aksar davlatlar kabi Isroil ham rasman Pekinni tan oladi, Taypeyni emas. Tayvanning yuqori martabali diplomatlari xorijga boradi, ammo Isroil kabi mamlakatlarga bunday safarlar kam uchraydi.
Shunga qaramay, Tayvan Isroilni muhim demokratik sherik sifatida ko‘radi va 2023 yil oktyabridagi HAMAS hujumidan so‘ng Isroilga qat’iy qo‘llab-quvvatlash bildirgan. Shu vaqtdan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi muloqot sezilarli darajada kuchaygan.
Masala muhimligi tufayli ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan manbalar Vu so‘nggi haftalarda Isroilga borganini ma’lum qilgan. Ikki manbaning aytishicha, safar shu oy bo‘lib o‘tgan.
Manbalar Vu kimlar bilan uchrashgani va nima muhokama qilinganini oshkor qilishdan bosh tortdi. Jumladan, u Tayvan prezidenti Lay Chin-de oktyabrda taqdim etgan, Isroilning havo mudofaa tizimi asosida ishlab chiqilgan ko‘p qatlamli “T-Dome” havo mudofaa tizimi haqida gapirgan-gapirmagani noma’lum.
Tayvan tashqi ishlar vazirligi Vuning Isroilga safar qilgani haqida izoh berishdan bosh tortdi.
“Tayvan va Isroil erkinlik va demokratiya qiymatlarini bo‘lishadi. Ular savdo, texnologiya, madaniyat va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni amaliy tarzda ilgari suradi va bunday hamkorlik shakllarini qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi Tayvan tomoni bayonotida.
Vu oldin Parijda Tayvanning de-fakto elchisi bo‘lgan va xalqaro maydonda Taypeyning eng faol targ‘ibotchilaridan biri sifatida tanilgan. Uning so‘nggi ommaviy xorijiy tashrifi 19 noyabrda Berlin xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etishi bo‘lgan.
Tayvan o‘zining yirik qo‘shnisi Xitoydan kelayotgan harbiy tahdidni Isroilning Eron kabi qo‘shnilari bilan to‘qnashuvlari bilan qiyoslaydi. Joriy yil boshida Isroil va Eron o‘zaro raketa va havo zarbalari almashgan, Isroilning havo mudofaa tizimi esa ko‘plab tahdidlarni yo‘q qilgan.
Bundan farqli ravishda Xitoy falastinliklar bilan yaqin munosabatda bo‘lib, 1988 yildan buyon Falastin davlatini tan olgan. Tayvan esa Falastin davlatini tan olishni rejalashtirmayotganini bildirgan.
“Albatta, texnologiya va mudofaa sohasida o‘zaro o‘rganish va muayyan hamkorliklar mavjud” degan Tayvan tashqi ishlar vaziri Lin Chia-lun o‘tgan oy Taypeyda jurnalistlar bilan suhbatda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Tayvan “T-Dome” tizimini ishlab chiqsa, Isroilda “Iron Dome” (“Temir gumbaz”) bor.
Isroilning ko‘p qatlamli mudofaa tizimi Iron Dome, David’s Sling, Arrow va AQSH ishlab chiqargan THAAD tizimlaridan iborat.
Tayvanning “T-Dome” tizimi esa mavjud Patriot (AQSH) va Sky Bow (Tayvan) raketalari hamda zenit qurollarini yagona tizimga birlashtirib, “sensordan zarbagacha” bo‘lgan zanjirni yanada samarali qilishni maqsad qiladi.
Tayvan Yaqin Sharqda katta diplomatik izga ega emas, ammo Taypey va Tel-Avivda de-fakto elchixonalar faoliyat yuritadi.
Tayvan Pekinning suverenlik da’volarini rad etgan holda, Isroil amaldorlari va deputatlarini qabul qilib kelmoqda.
Oktyabr oyida Vu Taypeyda Isroilning Farovonlik va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi bosh direktori Yinon Aaroni bilan uchrashdi. Sentyabrda esa Tayvan prezidenti Lay Chin-ede o‘z idorasida olti nafar isroillik qonun chiqaruvchi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, oktyabrda Lay Tayvandagi Amerika–Isroil jamoat ishlari qo‘mitasi (AIPAC) tadbirida Isroilning o‘z hududini himoya qilishdagi qat’iyati Tayvan uchun “qimmatli namuna” ekanini aytdi va Dovud bilan Jolut hikoyasini misol keltirdi.
Shunga qaramay, o‘tgan yili Livanda “Hizbulloh” amaldorlariga qilingan Isroil hujumida portlagan maxsus uskunalarda Tayvan kompaniyasi brendi bo‘lgani tufayli Tayvan insidentga noxoh tarzda aralashib qolgandi. Har ikki tomon bu holat ikki davlat munosabatlariga jiddiy ta’sir qilmaganini bildirgan.
Live
Barchasi