Isroil va Livan kelishuvga erishdi, ammo…
Olam
−
11:17 2110 2 daqiqa
Isroil va Livan Hizbulloh hujumlarni to‘xtatishi sharti bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi kelishuvga erishdi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti xabar qildi.
Bildirilishicha, kelishuvning amal qilishi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Hizbulloh guruhining Isroilga qarshi barcha hujumlarni to‘liq to‘xtatishiga bog‘liq. Shuningdek, Hizbulloh janubiy Livanda Isroil nazorati ostidagi hududlardan chiqib ketishi kerak bo‘ladi.
Kelishuvga ko‘ra, Litani daryosidan Isroil chegarasigacha bo‘lgan hududda Livan Qurolli kuchlari to‘liq nazoratni qo‘lga oladi. AQSH esa, mazkur hududlarda davlatga qarashli bo‘lmagan qurolli tuzilmalarsiz xavfsizlik zonalarini tashkil etish jarayoniga ko‘maklashadi.
Yangi kelishuv aprel oyida erishilgan sulhning bir necha bor buzilishi ortidan qabul qilingan. Kecha, 3 iyun kuni Isroilning janubiy Livanga bergan zarbalari oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘lgan, Hizbulloh esa, shimoliy Isroilga raketa hujumlarini amalga oshirgan edi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio kelishuvdan avval jurnalistlar bilan suhbatda Livanda Hizbullohdan mustaqil xavfsizlik tizimini shakllantirish bo‘yicha amaliy reja ishlab chiqilishiga umid bildirgan.
Kelishuv doirasida Isroil va Livan vakillari 22 iyun kuni yana muzokaralar o‘tkazadi. Tomonlar keng qamrovli tinchlik kelishuviga erishish imkoniyatlarini muhokama qiladi. Biroq Hizbulloh hozircha kelishuv yuzasidan rasman izoh bermagan. Tashkilot siyosiy kengashi a’zosi Mahmud Qamati BBC’ga bergan intervyusida Vashingtondagi muzokaralar qarorlarini tan olmasliklarini aytgan.
“Bu muzokaralar bizga daxldor emas. Biz ularning qarorlari va xulosalarini tan olmaymiz, chunki ularni prinsipial jihatdan rad etganmiz”, degan Qamati.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 3 iyundagi Isroil zarbalari qurbonlari orasida ikki nafar tez yordam xodimi ham bo‘lgan. Vazirlik Isroil armiyasini xalqaro gumanitar huquq me’yorlarini buzishda ayblagan. Livan armiyasi ham Isroilning havo hujumlari natijasida bir harbiy halok bo‘lgani va ikki nafar askar yaralanganini ma’lum qilgan.
2026 yil 2 martdan buyon davom etayotgan mojaro oqibatida Livanda kamida 3516 kishi halok bo‘lgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda bir milliondan ortiq kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Isroil esa, urush davomida 26 nafar harbiy va 4 nafar fuqarosi halok bo‘lganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Mudofaa kuchlari 31 may kuni Livan janubida joylashgan mashhur Bofort (Qal’at ash-Shaqif) qal’asini egallab olgan edi.
Live
Barchasi