Isroilning Livanga hujumlari oqibatida 51 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
11 may 971 2 daqiqa
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, so‘nggi 24 soat ichidagi Isroil hujumlari 51 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan, ular orasida ikki nafar tibbiyot xodimi ham bor. Bu haqda vazirlik kecha, 10 may kungi bayonotida ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, Livan janubida Isroil hujumlari kuchayishi fonida 16 aprel kuni kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan buyon 552 kishi halok bo‘lgan.
“Isroil xalqaro qonunlar va insonparvarlik me’yorlarini buzishda davom etmoqda. U Qalaviya va Tibnin hududlaridagi Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ikki nuqtasiga zarba berib, feldsher va qutqaruvchilarga qarshi yana bir jinoyat sodir etdi” deyiladi vazirlik bayonotida.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, 2 mart kuni Isroil yangi harbiy operatsiya boshlaganidan beri mamlakat bo‘ylab 2846 kishi halok bo‘lgan. BMTning ma’lumotlarida bildirilishicha, shu vaqt ichida Isroilning 130 dan ortiq zarbasi oqibatida kamida 103 nafar livanlik tibbiyot xodimi halok bo‘lgan va 230 kishi yaralangan.
“Biz har soniya, har kuni xavf ostidamiz. O‘zimizdan “tirik qolamizmi yoki o‘lamizmi?” deb so‘raymiz. Bu yerda ishlash orqali allaqachon hayotimizni qurbon qilganimizni bilamiz. Juda ko‘p odamlarimizni yo‘qotdik va go‘yo o‘zimiz ham allaqachon yo‘qdekmiz”, degan Livan janubidagi Tir shahri mudofaa rahbari Ali Safiuddin “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida.
G‘azo va Livanda ishlagan jarroh va gumanitar xodim doktor Tohir Muhammad ham Isroil harakatlari G‘azodagi kabi bo‘layotganini bildirgan.
“G‘azoda hamkasblarimiz doim o‘lik yoki yarador holda kelardi. Men hamkasblarim – hamshiralar va tibbiyot talabalarining Isroil qurollari sabab halok bo‘lganini ko‘rganman. Livanda ham tibbiyot xodimlarini nishonga olish siyosati davom etayotganini ko‘ryapman” degan doktor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2 martdan beri Isroil hujumlari oqibatida 1,2 milliondan ortiq livanlik o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. 16 aprelda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganiga qaramay, hujumlar yanada kuchaygan.
Eslatib o‘tamiz, 7 may kuni Isroil armiyasi rasmiylari Bayrutga uyushtirilgan havo hujumlari oqibatida “Hizbulloh”ning elita hisoblangan “Radvan” kuchlari qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi