Eron AQSHning zarbasidan keyin bazalarni buldozerlar bilan tiklamoqda – OAV
Olam
−
01 iyun 5675 2 daqiqa
AQSH va Isroilning qimmatbaho raketa zarbalaridan so‘ng Eron yerosti raketa bazalariga kirish yo‘llarini oddiy qurilish texnikalari yordamida qayta ochishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, AQSH va Isroil zarbalari nishonga olgan 69 ta tunnel kirish joyidan 50 tasi allaqachon qayta ochilgan. Buning uchun Eron asosan buldozer va yuk mashinalaridan foydalangan.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hozir uzoq masofaga uchuvchi ko‘plab raketalarni parvoz qildirish imkonini beradigan darajada yerosti arsenallarini qayta ishga tushirgan. Harbiy harakatlar davomida ham, AQSH va Isroilning qurilish texnikalariga bergan zarbalariga qaramay, tunnel kirish joylarini qazish ishlari to‘xtamagan.
Ekspertlarning fikricha, bu holat AQSH va Isroil strategiyasining cheklangan imkoniyatlarini ko‘rsatadi. Ularning aytishicha, faqat tunnel kirishlarini nishonga olish orqali Eronning raketa salohiyatini butunlay yo‘q qilishning imkoni yo‘q.
Qolaversa, Eron bombardimonlar oqibatida shikastlangan harbiy ob’ektlar atrofidagi yo‘llarni ham tiklagan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘plab kraterlar ko‘milgani, ayrim yo‘l uchastkalari esa to‘liq ta’mirlangani ko‘rinadi.
AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset avvalroq Eron qolgan raketa qurilmalari va raketalarni qazib olishi mumkinligini, biroq ularni almashtirish imkoniyati yo‘qligini aytgan edi.
Shuningdek, AQSH Mudofaa vazirligi may oyida Eron bilan urush uchun 25 milliard dollar sarflanganini ma’lum qilgan. Biroq ayrim amerikalik rasmiylar haqiqiy xarajatlar 50 milliard dollarga yetgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. “Financial Times” nashri esa AQSHning Eronga qarshi harbiy kampaniyasi Vashingtonga har kuni yuzlab million dollarga tushganini yozgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Eron yadro qurolidan voz kechishga rozilik bergani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi