Qirg‘iziston Rossiyani migrantlar masalasida sudga berdi
Olam
−
27 yanvar 8277 2 daqiqa
Qirg‘iziston mehnat migrantlari bo‘yicha kelishuv bajarilmayotgani uchun Rossiyani aybladi. Bugun, 27 yanvar kuni mamlakat ushbu holat bo‘yicha Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) sudiga da’vo arizasi kiritgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “24kg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, sudga da’vo kiritilgani haqida Jogorku Keneshda yangi qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi raisi Azamat Mukanov ma’lum qilgan.
Qo‘mita a’zolari Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlarni tibbiy yordam olish uchun sug‘urta polislari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar qanday olib borilayotgani bilan qiziqqan. Azamat Mukanovning aytishicha, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo besh davlat o‘rtasida mehnat migrantlariga taalluqli kelishuv mavjud.
“Biroq ayni paytda Rossiya tomoni ushbu kelishuvning 96–97-moddalarini buzmoqda, ya’ni mehnat migrantlari oila a’zolariga majburiy tibbiy sug‘urta polislarini berishni rad etmoqda. Qirg‘iz Respublikasi YeOII sudiga da’vo arizasi kiritdi, sud jarayoni ketmoqda, qaror ikki hafta ichida chiqariladi. Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk Qirg‘izistonga kelganida ham biz bu masalani ko‘targan edik”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning 11 oyi davomida Rossiya hududlari xorijiy fuqarolarni ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish uchun aviachiptalar xaridiga 828,5 million rubl yo‘naltirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi