Qirg‘izistonda sobiq deputat hibsga olindi
Olam
−
16:19 2853 2 daqiqa
Bugun, 11 mart kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Bishkek shahrida Jogorku Keneshning sobiq deputati Quvonchbek Kongantiyevni hibsga oldi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kongantiyevga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda. Hibsga olish tafsilotlari va unga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ayblovlar hozircha rasman ochiqlanmagan.
Manbalarga ko‘ra, u korrupsiya va noqonuniy boylik orttirishda gumon qilinmoqda. Bir kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda Kongantiyev oilasining aktivlari hamda uning Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev bilan aloqalari haqida ma’lumotlar tarqalgan edi.
Shuningdek, sobiq deputatga yaqin bo‘lgan ayrim shaxslar ham jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi aytilmoqda. Hozircha bu bo‘yicha rasmiy izoh berilmagan.
Ma’lumot uchun, saylovlar va referendumlar bo‘yicha Markaziy komissiya Quvonchbek Kongantiyevning deputatlik vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqib, uning mandatini bekor qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda yangi tayinlangan FVV rahbari Urmatbek Shamirkanov egallab turgan lavozimidan ozod qilingandi. Prezident matbuot kotibi yangi vazir nima uchun tayinlanganiga hali bir oy ham bo‘lmay turib ishdan olinganiga izoh berar ekan, bunga uning avvalroq vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab yurgan kezlarida pora olganlikda gumon qilinayotgani sabab bo‘lganini aytgan.
Keyinroq Qirg‘iziston Prezident Sadir Japarov Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari lavozimiga Qanotbek Chinniboyevni tayinladi.
Live
Barchasi