“Qiyomat azobi”. Maduro saqlanayotgan tergov izolyatori haqida nimalar ma’lum?

Olam

image

AQSH harbiylari tomonidan qo‘lga olinib, shoshilinch tarzda Nyu-York sudiga olib borilgan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qayerga joylashtirildi? Bir amerikalik advokat hozirda Maduro saqlanayotgan Bruklindagi muassasani “qiyomat azobi” deb ta’riflagan. Ayrim sudyalar hatto mahkumlarni u yerga yuborishdan bosh tortmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Maduro Nyu-Yorkka Giyohvandlikka qarshi kurash boshqarmasi (DEA)ning ikki nafar agenti hamrohligida yetib borgan va uni kutib olganlar bilan hazilomuz ohangda gaplashgan.

“Good night – bu “ buenas noches” degani, to‘g‘rimi? Good night! Yangi yilingiz bilan!” degan u.

Shundan so‘ng u tezda DEA shtab-kvartirasi orqali olib o‘tilgan va Bruklindagi vaqtincha saqlash izolyatoridagi (Metropolitan Detention Center, MDC) kameraga joylashtirilgan. Kutilishicha, u va uning rafiqasi Siliya Flores giyohvand moddalar va qurol bilan bog‘liq ayblovlar ko‘rib chiqilguncha shu yerda qoladi (ikkalasi ham bu ayblovlarni inkor etmoqda).

Po‘lat to‘siqlar va kameralar

MDC – Bruklin tumanida joylashgan ko‘p qavatli beton va po‘latdan qurilgan inshoot. U Nyu-York bo‘g‘ozidan atigi bir necha metr masofada, Beshinchi avenyu, Markaziy park va shaharning boshqa mashhur joylaridan taxminan 3 mil (5 km) uzoqlikda joylashgan.

1990 yillarning boshlarida shahar qamoqxonalari haddan tashqari to‘lib ketgani sababli yangi muassasa ochish qarori qabul qilingan. U avval kemalar orqali kelib-ketadigan yuklarni saqlash va tarqatish uchun foydalanilgan eski omborlar o‘rnida qurilgan.

Dastlab u yerda Manxetten va Bruklin sudlari oldida javob berishi kerak bo‘lgan erkaklar va ayollar saqlanishi rejalashtirilgan, biroq Federal qamoqxonalar byurosi (BOP) saytida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, MDC qisqa muddatli jazoni o‘tayotgan mahkumlarni saqlash uchun ham foydalaniladi.

Hozir bu Nyu-Yorkdagi BOP boshqaruvidagi yagona muassasa bo‘lib qolgan, chunki 2021 yilda idora Manxettendagi shunga o‘xshash qamoqxonani yopgan. Bu qaror 2019 yilda jinsiy jinoyatlar uchun sudlangan amerikalik moliyachi Jeffri Epshteyn sirli sharoitda o‘z joniga qasd qilganidan keyin qabul qilingan.

Vaqtincha saqlash markazi AQSH prokuraturasi idorasi va ikki federal sud o‘rtasida joylashgan. U po‘lat to‘siqlar va uzoq masofadan kuzatish imkonini beruvchi kameralar bilan o‘ralgan. Maduroning olib borilganidan so‘ng tashqi xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, binoning konstruksiyasiga qaramay, markazda ochiq havoda sport bilan shug‘ullanish hududlari, tibbiy xonalar va hatto kutubxona ham bor. Biroq ushlangan shaxslar kunning katta qismini tor kameralarda o‘tkazadi. Bu borada rasmiy axborot yoki izoh berilmagan.

“G‘ayriinsoniy sharoitlar”

OAVning yozishicha, muassasa 1000 kishiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, 2019 yilda mahbuslar soni 1600 nafarga yetgan. Hozir BOP ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda taxminan 1330 kishi saqlanmoqda. Bundan tashqari, “Associated Press” sud hujjatlariga tayanib yozishicha, 2024 yil noyabr holatiga ko‘ra, izolyator xodimlari soni tavsiya etilgan me’yorning yarmiga teng bo‘lgan. 

Mutaxassislarning fikricha, haddan tashqari to‘lib ketish va xodimlar yetishmasligi MDC’da tez-tez sodir bo‘ladigan zo‘ravonlik holatlarining asosiy sabablaridan biridir. Binoning jismoniy holati ham jiddiy xavotir uyg‘otadi. Bu ayniqsa 2019 yilda, elektr energiyasi o‘chib qolgach, qishning qahratonida bir necha kun davomida isitishsiz qolishganida yaqqol namoyon bo‘lgan.

“O‘sha paytda MDC’dagi sharoitlar mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan va g‘ayriinsoniy edi. Erkinlikdan mahrum etish inson huquqlaridan mahrum etish degani bo‘lmasligi kerak”, degan Nyu-York shtati bosh prokurori Letitsiya Jeyms.

U federal hukumatni muassasa halokatli ahvolda saqlanayotgani uchun sudga bergan.

Advokat Endryu DeLuka “New York Times” gazetasiga bu qamoqxonani “qiyomat azobi” deb ta’riflagan. Uning mijozlaridan biri – Edvin Kordero 2024 yilda MDC’da boshqa mahkum tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan.

Tuman sudi sudyasi Garri Braun 2024 yil avgustida soliq firibgarligida ayblangan 75 yoshli erkakka belgilangan to‘qqiz oylik qamoq jazosini bekor qilib, agar Federal qamoqxonalar byurosi uni Bruklindagi MDC’ga yuboradigan bo‘lsa, uy qamog‘i bilan almashtirishini bildirgan.

“Bu hodisalar (ya’ni mushtlashuvlar) nazoratning achinarli darajada yo‘qligini, jamoat tartibining buzilganini va butunlay anarxik muhitni ko‘rsatadi. Bularning barchasi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan, qoralashga loyiq va o‘ta xavfli boshqaruv natijasidir”, deydi Braun.

Bu qamoqxonaga e’tibor korrupsiya ayblovlari bilan ham tortilgan. O‘tgan yil mart oyida AQSH Adliya vazirligi zo‘ravonlik va kontrabanda bilan bog‘liq 12 ta alohida ish doirasida 25 kishiga – ular orasida sobiq xodimlar va mahbuslar ham bor ayblov e’lon qilingani haqida xabar bergan.

Bungacha BOP o‘z bayonotida “bizning mas’uliyatimiz ostidagi shaxslarni himoya qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalari xodimlari va jamiyat xavfsizligini ta’minlash vazifasiga jiddiy yondashamiz”, deya bildirgan.

Byuro vakili MDC’dagi muammolarni hal etish uchun favqulodda ishchi guruh tuzilganini, qo‘shimcha xodimlar izlanayotganini va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq yig‘ilib qolgan muammolar bartaraf etilayotganini ta’kidlagan. Kordero va boshqa shaxslarning o‘limidan so‘ng bir qator hibsga olishlar amalga oshirilgan.

Boshqa mashhur mahbuslar

Yomon sharoitlar haqidagi gap-so‘zlarga qaramay, AQSH rasmiylari yuqori martabali hibsga olinganlarni MDC’ga yuborishda davom etmoqda. Maduro esa bu yerga tushgan ilk lotin amerikalik siyosatchi emas.

Gondurasning sobiq prezidenti Xuan Orlando Ernandes MDC’da uch yildan ortiq vaqt saqlangan. O‘tgan yil iyun oyida federal sud uni giyohvand moddalar savdosi uchun 45 yilga ozodlikdan mahrum etgach, boshqa muassasaga ko‘chirilgan. Qizig‘i shundaki, o‘tgan yil dekabrida AQSH Prezidenti Donald Tramp uni afv etgan.

Meksikaning jamoat xavfsizligi bo‘yicha sobiq vaziri Xenarro Garsiya Luna ham bir muddat shu yerda saqlangan. Mashhur narkobaron Xoakin “El Chapo” Gusman ham aynan shu qamoqxonada bo‘lgan. Sinaloa kartelining yetakchilaridan biri Ismayel “El Mayo” Sambada esa hozir ham giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha ayblovlar yuzasidan sudni kutib, shu binoda saqlanmoqda. Boshqa mashhur mahbuslar qatorida yirik mafiya yetakchisi Jon Gotti, shuningdek 2001 yil 11 sentabr teraktlaridan so‘ng qo‘lga olingan “Al-Qoida” a’zolari ham bor.

Bir necha oy davomida MDC’da repper va musiqiy prodyuser Shon Kombs ( P. Diddy) ham saqlangan. U ayollarga nisbatan uzoq yillar davom etgan zo‘ravonlik uchun to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgach, Nyu-Jersi shtatidagi boshqa muassasaga o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, bu qamoqxonada Jeffri Epshteynning sherigi va sobiq hamkori Gisleyn Maksvell, bankrot bo‘lgan FTX kriptoplatformasi asoschisi Sem Bankman-Frid, shuningdek Donald Trampning sobiq shaxsiy advokati Maykl Koen ham saqlangan. Koen moliyaviy jinoyatlar uchun uch yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

2021-2024 yillar oralig‘ida mahkumlar orasida bir qator o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilgan. Muassasaning ahvoli sudyalarda ham norozilik uyg‘otmoqda, bu ular odamlarni u yerga yuborishni istamasliklarida namoyon bo‘lmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Nikolas Maduro tergov izolyatori Bruklin Metropolitan Detention Center

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing