Venesuelada AQSH hujumi oqibatida 100 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
08 yanvar 4094 2 daqiqa
AQSHning Venesuelaga qilgan hujumi oqibatida 100 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Venesuela Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo so‘zlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Vazirning aytishicha, qurbonlar asosan yoshlar bo‘lgan.
“Bu xiyonatkorona hujum bo‘ldi. Hozirgi paytda 100 nafar odam o‘ldirilgani ma’lum. Ular hayotni endi boshlagan, bu voqeaga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan yoshlar edi”, degan Kabelo.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Prezident Nikolas Maduro AQSH maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olinishi chog‘ida oyog‘idan jarohat olgan, birinchi xonim Siliya Flores esa boshidan jarohatlangan.
AQSH rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Karakasga uyushtirilgan hujum davomida taxminan 75 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida tinch aholi vakillari, shuningdek Venesuela va Kuba xavfsizlik kuchlari xodimlari bo‘lgan. Bundan tashqari, bir nechta amerikalik harbiylar ham yaralangan.
Kolumbiyada esa AQSH bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarda 32 nafar fuqaro halok bo‘lgani haqida xabar berilgan. Gavana rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, ular Venesuela so‘roviga binoan vazifalarni bajarayotgan bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Prezident va uning rafiqasining jarohat olgani haqida CNN ham xabar qilgandi. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, 5 yanvar kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan sud majlisida Floresning boshi bog‘langan, Maduro esa o‘tirib-turishda qiynalgan. Ayolning advokati uning kuchli lat yeyishi yoki qovurg‘alari singan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Nikolas Maduro va Siliya Flores 3 yanvarga o‘tar kechasi Venesuelada o‘tkazilgan AQSHning “Mutlaq qat’iyat” nomli operatsiyasi davomida qo‘lga olinib, AQSHga olib ketilgan. Operatsiya 2 soat 20 daqiqa davom etgan.
Siyosatchi va uning rafiqasiga “narkoterrorizm, giyohvand moddalar kontrabandasi va qurol saqlash” ayblovlari qo‘yilgan. Venesuela rasmiylari ushbu voqeani harbiy tajovuz deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela AQSH tomonidan mamlakatga hujum uyushtirilgan va Prezident Nikolas Maduro o‘g‘irlab ketilgan paytda halok bo‘lgan harbiylar uchun bir haftalik motam e’lon qilgandi.