Qozog‘istonda 380 kishi moliyaviy piramida qurboni bo‘ldi
Olam
−
10 mart 4106 1 daqiqa
Qozog‘istonda 380 nafar fuqaro moliyaviy piramida qurboni bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Moliyaviy monitoring agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi o‘zini Chilidagi “Sirius Energy” kompaniyasi vakili sifatida tanishtirib, fuqarolarga qayta tiklanadigan energiya loyihalardan yuqori daromad olishni va’da qilgan. Ularni sarmoya kiritishga ishontirib, faqat USDT (stabillashgan kriptovalyuta bo‘lib, qiymati doimiy ravishda AQSH dollariga teng bo‘ladi: 1 USDT ≈ 1 dollar) kriptovalyutasida qabul qilgan. Shundan so‘ng mijozlar uchun shaxsiy kabinetlar ochilgan va ularda bonuslar ko‘rsatilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida gumonlanuvchi Olmaota va Ostona shaharlarida ofislar ochgan, muntazam treninglar o‘tkazgan, Instagram va TikTok orqali faol reklama qilib kelgan. Hatto faoliyatni qonuniy ko‘rsatish maqsadida uchinchi shaxs nomiga mas’uliyati cheklangan jamiyat ro‘yxatdan o‘tkazgan. Haqiqatda esa hech qanday faoliyat amalga oshirilmagan.
380 nafar fuqaro moliyaviy piramida qurboniga aylangan. Jabrlanganlardan biri loyihaga sarmoya kiritish uchun bankdan 3 million tenge (tahminan 6 600 dollar) kredit olgan, va’da qilingan yuqori daromad esa to‘lanmagan. Hozirda u kreditini foizlari bilan to‘lamoqda.
Sud sanksiyasi bilan gumonlanuvchining bankdagi hisob raqamlari bloklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya sudi moliyaviy piramida tashkilotchilariga 45,3 ming yillik qamoq jazosi tayinlagan edi.
Live
Barchasi