Qozog‘istonda Qurultoyga saylovlar qachon bo‘lishi aytildi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qurultoyga saylovlar joriy yilning avgust oyida o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 10 aprel kuni olimlarni taqdirlash marosimida so‘z ochdi. 

“Davlat rahbari sifatida mamlakatimiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan voqealar haqida oldindan xabar berishni juda muhim deb hisoblayman. Shu sababli, Konstitutsiya kuchga kirishi bilan bir palatali Qurultoyga saylovlar o‘tkazish to‘g‘risidagi Farmonni imzolayman. Saylovlar joriy yilning avgust oyida bo‘lib o‘tadi”, deydi u.

Prezident bu haqda oldindan e’lon qilayotganidan maqsad siyosiy partiyalar saylovoldi kampaniyasiga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari uchun aniq reja va yetarli vaqtga (taxminan besh oy) ega bo‘lishlari ekanini ta’kidlagan.

“Qurultoyga saylovlar Qozog‘istonning butun siyosiy tizimini keng ko‘lamli “qayta qurish” jarayonining boshlanishi bo‘ladi. Bunda biz amalga oshirayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar jamiyatdagi ijobiy “mental” o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi nihoyatda muhimdir”, deydi Qosim-Jomart To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti yangi Konstitutsiyada nazarda tutilgan bir palatali parlament Qurultoy deb atalishini aytgan edi. Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, Qurultoy konstitutsiyaviy va boshqa qonunlarni qabul qiladi, saylovlarni e’lon qiladi, urush va tinchlik masalalarini hal qiladi hamda boshqa vakolatlarga ega bo‘ladi. Uning tarkibiga 145 nafar deputat kiradi.

Joriy yilning 15 mart kuni Qozog‘istonda referendum bo‘lib o‘tdi va uning yakunlariga ko‘ra yangi Asosiy qonun qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qosim-Jomart To'qaev Qurultoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing