Qozog‘istonda yuzdan ortiq ot nobud bo‘ldi
Olam
−
20 aprel 9736 3 daqiqa
Qozog‘istonning Mang‘istov tumanidagi kuchli yog‘ingarchiliklar otlarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Lada.kz” xabar berdi.
Yomg‘irlardan keyin hayvonlar sho‘rxok yerlarga botib qolgan va ularning ko‘pchiligi halok bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat bunga munosabat bildirgan.
Mahalliy aholi chorva yo‘qotilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirgan. Ularning aytishicha, har bir xonadon bir nechtadan o‘ntagacha chorva yo‘qotgan.
“Qattiq yomg‘irlardan so‘ng Mang‘istovda, Oqshimirau qishlog‘i atrofida chorva suv oqimi bilan oqib ketib, sho‘rxok hududlarga tushib qolgan. Ko‘plab otlar sho‘r loyga botib nobud bo‘ldi, yana bir qismi esa chiqib keta olmayapti. Agar Favqulodda vaziyatlar vazirligi va mahalliy hokimiyat yordam bermasa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin”, degan qishloq aholisi.
Ular muammoga qonunchilar va hayvonlarni himoya qiluvchi tashkilotlar e’tibor qaratishini so‘ragan.
Keyinchalik mahalliy hokimlik nashrga ma’lum qilishicha, Mang‘istov viloyatida 14–15 aprel kunlari Sayotes qishlog‘ida kuzatilgan noqulay ob-havo oqibatlari bartaraf etilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Sayotes va 7-temiryo‘l bekati oralig‘ida (tuman markazidan 120–150 km uzoqlikda) temiryo‘l yoqasi bo‘ylab to‘plangan qishloq xo‘jaligi hayvonlarining nobud bo‘lish holatlari aniqlangan.
Vaziyatni baholash uchun 16–17 aprel kunlari davlat organlari vakillari ishtirokida maxsus komissiya tuzilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuzdan ortiq ot topilgan. Hozirda mahalliy ijro organlari nobud bo‘lgan chorva sonini aniqlashtirmoqda, chunki egalari hali to‘liq hisob-kitob olib bora olmagan.
Ta’kidlanishicha, chorva nobud bo‘lishiga kuchli shamol va jala yomg‘irlar kabi keskin ob-havo sharoitlari sabab bo‘lgan. Yo‘ldan adashgan hayvonlar borish qiyin bo‘lgan hududlarga tushib qolib, haddan tashqari nam yerlarda halok bo‘lgan. Ayrim podalar aholi yashash joylaridan 60–80 km uzoqlikda nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Yo‘qolgan chorvani qidirish uchun dronlar yordamida havodan kuzatuv yo‘lga qo‘yilgan. Viloyat hokimi o‘rinbosari rahbarligida tezkor shtab yig‘ilishi o‘tkazilib, uning yakunlariga ko‘ra neft-gaz korxonalariga qo‘shimcha texnik yordam ko‘rsatish topshirilgan.
Hozirda viloyat qishloq xo‘jaligi va yer munosabatlari boshqarmasi rahbari Mang‘istov tumanida bo‘lib, aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda va zarur ishlarni muvofiqlashtirmoqda.
“Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha kuch va vositalar safarbar qilingan: yirik korxonalar texnikasi, favqulodda vaziyatlar xizmatlari va mahalliy ijro organlari jalb etilgan. Suvni chiqarish va tiklash ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Vaziyat alohida nazoratga olingan. Chorva egalari bilan ishlash olib borilmoqda, zamonaviy monitoring vositalari va maxsus texnika qo‘llanilmoqda”, deyiladi Mang‘istov tuman hokimligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Mang‘istov viloyati Tupqarag‘an tumanida Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida 191 ta o‘lik tyulen jasadi topilgandi.
Live
BarchasiChimyonda qor ko‘chkisi kuzatildi
20 aprel