Qurilish sohasida ekologik talablar kuchaytiriladi
Jamiyat
−
31 mart 1129 2 daqiqa
O‘zbekistonda qurilish sohasida atmosfera havosi muhofaza qilinadi va ekologik talablar kuchaytiriladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 25 mart kuni qabul qilingan “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, joriy yil 1 iyundan boshlab qurilish ob’ektlarida (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) quyidagi ekologik talablarni joriy qilish majburiyatlari kiritiladi:
- qurilish ob’ektlarini fon monitoring stansiyalari bilan jihozlash va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish;
- onlayn nazorat qilish uchun qurilish maydoni bo‘ylab va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatish va Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya kilish;
- huquqbuzarlik sodir etgan qurilish tashkilotlarining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi reyting ballarini kamaytirish amaliyotini joriy qilish;
- qurilish ob’ektlari bo‘yicha loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda majburiy ravishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy kilinadi.
Shu bilan birga, endilikda yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 metr kvadratdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlarni (yakka tartibdagi uy-joylar bundan mustasno) loyihalashtirishda ularga tutash hududlarning ko‘kalamzorlashtirish (daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni ekish) maydonlari loyiha uchun ajratiladigan yer uchastkalari umumiy maydonining 30 foizidan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu farmon bilan Toshkent shahrida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi