“Karib dengizi qaroqchilari”. AQSH yana bir kemani qo‘lga oldi (video)
Olam
−
21 yanvar 3611 2 daqiqa
AQSH harbiylari Karib dengizida Venesuelaga qarshi joriy etilgan blokadani buzgan navbatdagi – yettinchi neft tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda kecha, 20 yanvar kuni AQSH Qurolli kuchlarining Janubiy qo‘mondonligi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Sagitta nomli tanker AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan cheklovlarni buzgan. Kema AQSH harbiylari tomonidan Ichki xavfsizlik vazirligi bilan hamkorlikda nazoratga olingan. Janubiy qo‘mondonlikning ta’kidlashicha, operatsiya davomida hech qanday hodisa yuz bermagan, ya’ni o‘lim va jarohatlar qayd etilmagan.
AQSH rasmiylari Venesueladan chiqayotgan neft faqat qonuniy va belgilangan tartibda yetkazib berilishini ta’minlashga qat’iy qaror qilganini bildirgan.
“VesselFinder” ma’lumotlariga ko‘ra, Sagitta tankeri Panama bayrog‘i ostida suzadi va AQSH, Yevropa Ittifoqi hamda Buyuk Britaniyaning sanksiya ro‘yxatlariga kiritilgan. Shu bilan birga, “MarineTraffic” portali xuddi shu nom va raqamga ega tanker Liberiya bayrog‘i ostida yurishini ko‘rsatmoqda.
Bu Venesuela neftini eksport qilishda ishtirok etayotgan tankerlarni ta’qib qilish doirasida AQSH harbiylari tomonidan qo‘lga olingan yettinchi kema hisoblanadi.
AQSHning asosan Karib dengizida o‘tkazayotgan ushbu operatsiyalari jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Ba’zilar Amerikaning harakatlarini “aqldan ozish” deya baholagan bo‘lsa, yana ba’zilar Tramp ma’muriyatini “Karib dengizining qaroqchilari”ga tenglashtirgan.
7 yanvar kuni, dastlabki holatlardan biri sifatida, Rossiya kompaniyasiga tegishli Marinera (Bella 1) tankeri ushlangan edi. Ushbu kema ikki haftadan ortiq vaqt davomida AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati kemasidan qochib yurgan. Rossiya tomoni bu hodisani noqonuniy kuch ishlatish, deb baholagan. Moskva ma’lumotiga ko‘ra, Vashington ekipaj tarkibidagi ikki nafar Rossiya fuqarosini ozod qilishga va’da bergan, biroq 20 yanvar kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu va’da bajarilmaganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesueladan qochayotgan “soya floti”ga mansub tankerlar AQSH harbiy kemalaridan yashirinish uchun bayroqlarini Rossiyaniki bilan almashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiSuriyada KIP qo‘mondoni o‘ldirib ketildi
21 yanvar