Hibs, surgun, qochqinlik. Birinchi xonimlarning keyingi taqdiri

Tahlil

Avvalroq, QALAMPIR.UZ tarix davomida Qo‘shma Shtatlar ag‘darishda rol o‘ynagan ba’zi yetakchilar ro‘yxati va ularning taqdiri haqida hikoya qilgan edi. Tabiiy ravishda bunday vaziyat o‘sha davlatda yashovchi xalq vakillarining yashash tarziga ta’sir o‘tkazgani kabi, mamlakatning birinchi darajali xonimlarini ham chetlab o‘tmagan. Ba’zilari turmush o‘rtoqlari singari javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, boshqalar namoyishchilarning, huquq- tartibot organlarining changalidan qutulib qolishga muvaffaq bo‘lgan. Bu safar sizga erlari hokimiyat tepasida bo‘lgan vaqtda birinchi xonimlik rutbasini yelkasiga olib, keyinroq buning pushaymonini qilgan oqsuyak begoyimlar haqida gaplashamiz. 

Siliya Flores – Venesuela

Ag‘darilgan yetakchilarning xotinlari – ularning taqdiri qanday kechgan? Venesuelada yuz bergan voqealar jahon siyosatida katta rezonans uyg‘otdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari armiyasining 3 yanvar kuni o‘tkazgan harbiy amaliyotida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores hibsga olindi. Hozirda AQSHda saqlanayotgan sobiq prezident va uning turmush o‘rtog‘i sud oldida javob bermoqda. Ularga to‘rt modda bo‘yicha, jumladan, giyohvand moddalar va qurol savdosi bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. Maduro ham, rafiqasi Siliya Flores ham barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Siliya Flores 1956 yilda Venesuelada tug‘ilgan, kasbi bo‘yicha huquqshunos bo‘lib, mamlakat siyosiy hayotida uzoq yillar faol rol o‘ynagan. U 2006-2011 yillarda parlament raisi, 2012–2013 yillarda esa bosh prokuror lavozimida ishlagan. 2013 yildan boshlab eri prezident bo‘lgan davrda birinchi xonim maqomini olgan.

AQSH va ayrim G‘arb davlatlari uni Venesueladagi avtoritar boshqaruvni qo‘llab-quvvatlagan shaxs sifatida tanqid qilgan. Ayrim manbalarda hukumat ichidagi nepotizm (qarindosh-urug‘chilik) ayblovlari ham ilgari surilgan. Shunga qaramay, u Venesuela ichida tarafdorlari tomonidan tajribali siyosatchi va qat’iyatli lider ayol sifatida himoya qilinadi.

Siliya Flores nafaqat huquqshunos sifatida professional faoliyat yuritgan, balki davlat idoralarida rahbar lavozimlarda ishlagan holda asosiy siyosiy arboblardan biriga aylangan. U Nikolas Maduro bilan turmush qurishidan oldin ham siyosat maydonida taniqli shaxs bo‘lgan va 1990 yillardan buyon erining tarafdori sifatida siyosiy hayot markazida bo‘lib kelgan. Bugun Flores ham eri bilan birga AQSH adliya tizimi oldida javob bermoqda va bu holat jahon jamoatchiligi e’tiborini tortayotgan dolzarb siyosiy-huquqiy jarayonga aylangan. 

Sojida Xayrulloh Talfah – Iroq

Sojida 1935 yilda Tikrit shahrida tug‘ilgan (Saddam Husayn AQSH kuchlari tarafidan hibsga olingan shahar). Sojida Saddam Husaynga begona bo‘lmagan. Sobiq birinchi xonim Iroq prezidentining amakisi Xayrulloh Talfahning to‘ng‘ich qizi edi. 

Saddam Husayn 21 yoshida o‘zidan ikki yosh katta bo‘lgan Sojida Xayrulloh Talfah bilan oila qurgan. 1986 yilda Saddam Sojida bilan nikohda bo‘la turib, yana bir ayol – Samira Shahbandarga uylanadi. Sojida bundan g‘azablanadi. 1988 yil oktyabr oyida Misr prezidenti Husni Muborakning rafiqasi Suzanna Muborak sharafiga Sojida Xayrulloh tarafidan Iroqda ziyofat uyushtirilgan. Ziyofat chog‘ida Saddam va Sojidaning katta o‘g‘li Uday Husayn otasining Kamel Hana Gegeoni ismli xizmatchisini Saddam va Samirani tanishtirgan hamda ularning uchrashuvlarini uyushtirganlikda aybdor deb hisoblaydi va pichoqlab o‘ldiradi. Erining boshqa ayolga uylanganiga qaramay, Sojida Saddam bilan hech qachon ajrashmagan.
 
Sojida jamoatchilik oldida eri bilan birga deyarli ko‘rinmagan, shu bois ko‘p yillar davomida iroqliklar uning mavjudligidan kam xabardor bo‘lgan. Biroq, Saddamning boshqa ayolga uylangani va oilaviy hayotida ziddiyatlar borligi haqidagi mish-mishlar tarqalgach, Iroq Ommaviy axborot vositalarida Saddam va Sojidaning, shuningdek, ularning farzandlari bilan birga tushgan surat va videolari ko‘paygan. Bu materiallar Saddamning oilaviy hayotida muammolar yo‘qdek taassurot uyg‘otish uchun mo‘ljallangan edi.

1990 yilda Fors ko‘rfazi urushi sababli Sojida o‘z oilasining ko‘plab a’zolari bilan birga bombardimonlar boshlanishidan oldin Iroqdan chiqib ketgan. Husaynlar oilasi qayerga joylashgani haqida turli xabarlar mavjud bo‘lsa-da, ehtimoliy manzillardan biri Mavritaniya ekani aytiladi. Urush tugagach, Sojida yana Iroqqa qaytdi.

AQSH kuchlari 2003 yil 13 dekabr kuni Iroq prezidenti Saddam Husaynni Tikrit shahri yaqinida qo‘lga olgan paytda, uning rafiqasi Sojida Xayrulloh Talfah mamlakatda bo‘lmagan. Rasmiy va ochiq manbalarga ko‘ra, Sojida Talfah AQSHning Iroqqa harbiy aralashuvidan ko‘p o‘tmay mamlakatni tark etgan. U eri hibsda bo‘lgan davrda avval Iordaniyada, keyinroq Qatarda yashagan va AQSH kuchlari tomonidan hech qachon qo‘lga olinmagan. Keyingi yillarda u Qatarda siyosiy boshpana olgani aytiladi.

2015 yil 5 iyul kuni Sojidaning Qatarda vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Sobiq birinchi xonimning oilasi esa u haqidagi mish-mishlarni rad etdi.

Safiya Farkash Kaddafiy – Liviya 

41 yil Liviyada birinchi xonimlik statusini tashigan Safiya Kaddafiy 1952 yil 2 mayda mamlakatning yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Baydada tug‘ilgan. Liviyaning sobiq rahbarining bevasi sifatida u mamlakatning sobiq birinchi xonimi va Muammar Kaddafiyning sakkizta biologik farzandidan yetti nafarining onasi bo‘lgan.

Uning kelib chiqishi haqida ikki xil rivoyat mavjud. Eng mashhurlaridan biri shundaki, Farkash Sharqiy Liviyaning Barasa qabilasidan bo‘lgan oiladan va u hamshiralikka o‘qigan. Uncha ishonchli bo‘lmagan yana bir rivoyatga ko‘ra, Farkash Bosniya va Gersegovinaning Mostar shahridan bo‘lib, u yerda Zofia Farkas yoki Sofija Farkas nomi bilan tug‘ilgan va bosniyalik xorvat yoki venger millatiga mansub.

 Kaddafiy 1970 yilda appenditsit tufayli shifoxonaga yotqizililib, davolanayotganida u bilan tanishgan. O‘sha yili Tripolida turmush qurishganda, Farkash Kaddafiyning ikkinchi xotini bo‘lgan.

Farkash Liviya fuqarolar urushi davomida eri va oilasi bilan birga Tripolidagi uylarida yashagan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining sanksiyalarining birinchi bosqichi doirasida Liviyaning xorijdagi aktivlari hamda Kaddafiy shaxsan egalik qilgan mol-mulklar muzlatilgach, Fransiya va Buyuk Britaniya hukumatlari sanksiyalarning ikkinchi bosqichini joriy etishga erishdi. Bu bosqichda Farkash nazoratidagi davlat va shaxsiy aktivlarning taxminan 18 milliard funt sterling miqdoridagi qismi muzlatilgan. Avgust o‘rtalarida Tripoli uchun janglar eng keskin pallaga yetganida, oila mustahkamlangan qarorgohni tark etishga majbur bo‘ladi. 2011 yil 27 avgust kuni Misr Ommaviy axborot vositalari Liviya isyonchi jangchilari janubi-g‘arbiy Liviya hududidagi G‘adames shahri orqali Jazoir tomonga o‘tayotgan, ehtimol Kaddafiy rejimining yuqori martabali vakillarini olib ketayotgan oltita zirhli Mercedes-Benz avtomobilini ko‘rganini xabar qiladi. Biroq, o‘sha paytda bu ma’lumot Jazoir rasmiylari tomonidan inkor etildi.

29 avgust kuni Jazoir hukumati Safiya Kaddafiy qizi Oysha hamda o‘g‘illari Muhammad va Hannibal bilan birga Jazoir hududiga o‘tganini rasman e’lon qildi. Jazoir Tashqi ishlar vazirligi vakiliga ko‘ra, karvondagi barcha shaxslar Jazoir shahrida bo‘lgan. Oila Sahroi Kabir cho‘lidagi chegara kirish nuqtasiga ertalab soat 08:45 da bir dona Mercedes va avtobusda yetib borgan. Guruhdagi odamlar soni aniq bo‘lmagan, biroq ular orasida “ko‘plab bolalar” borligi va ularning safida Muammar Kaddafiy bo‘lmagani qayd etilgan. Shu sababli guruhga gumanitar asoslarda Jazoirga kirishga ruxsat berilgan. 

2012 yil oktyabr oyida ular Jazoirda yashiringan joyni tark etib, Ummon Sultonligiga yo‘l olib, u yerda siyosiy boshpana oladilar. 2023 yil holatiga ko‘ra, Safiya Farkash Misrning Qohira shahrida istiqomat qilayotgani haqida xabarlar bor. 2016 yil aprel oyida hukumat Kaddafiy tarafdorlarini tinchlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida Safiya Farkashga Liviyaga qaytishga ruxsat bergan.

Bundan ko‘rinadiki, Muammar Kaddafiy 2011 yilda hokimiyatdan ag‘darilib, vahshiyona tarzda o‘ldirilgan paytda uning rafiqasi Safiya Farkash erining yonida bo‘lmagan.

Felisiya Santana Norega – Panama

Felisiya Norega hokimiyati davrida birinchi xonim maqomiga ega bo‘lmagan, chunki eri rasmiy prezident emas, balki amalda mamlakatni boshqargan harbiy diktator sifatida tanilgan. Felisiya esa ommaviy hayotdan ongli ravishda chetda bo‘lgan va ko‘p ham katta doiralarda ko‘rinish bermagan.

Panama yetakchisi Manuel Norega 1989 yil dekabr oyida AQSH kuchlari tomonidan qo‘lga olingan paytda, uning rafiqasi Felisiya Santana Norega mamlakatda bo‘lgan. Rasmiy va ochiq manbalarga ko‘ra, Manuel Norega hibsga olinayotganda uning xotini AQSH harbiylari tomonidan ushlanmagan va harbiy amaliyotlarning bevosita nishoni bo‘lmagan. U keyinchalik ham Panamada qolib, jamoat-siyosiy faoliyatdan chetda, yopiq hayot kechirgan.

Felisiya Norega rejimining siyosiy qiyofasiga bevosita ta’sir ko‘rsatmagan va hokimiyat tepasidagi shaxsning rafiqasi bo‘lsa-da, javobgarlik yoki ayblovlar doirasiga tortilmagan. U tarixda ko‘proq sokin va yopiq hayot kechirgan turmush o‘rtoq sifatida eslanadi.

Ortensiya Bussi de Alende – Chili

2009 yil 94 yoshida Valparaiso shahrida vafot etgan Ortensiya Bussi de Alende 1970-1973 yillarda Chilining sotsialistik prezidenti bo‘lgan Salvador Alendening bevasi edi. Chilida uni hamma “La Tencha” (Ortensiya ismidan olingan) nomi bilan chaqirgan. Ortensiya 1973 yilda eri halok bo‘lgan harbiy to‘ntarishdan keyingi yillarda general Augusto Pinochet diktaturasiga qarshi Chili muxolifatining ramziy timsoliga aylanadi. U bu yillarning asosiy qismini Meksikada o‘tkazdi, biroq Pinochet rejimiga qarshi kurashish maqsadida dunyo bo‘ylab safarlar qildi va nihoyat 1988 yilda Chiliga qaytdi.

Ortensiya Bussi Chili dengiz porti bo‘lgan Valparaisoda, badavlat oilada tug‘ilgan. Chili savdo flotining nufuzli ofitserlaridan birining qizi bo‘lib, Santyagoda o‘qib, o‘qituvchilik kasbini egallagan.

U Salvador Alende bilan 1939 yil yanvarida Chillan zilzilasidan keyin tanishgan. Ushbu falokat Chillan va Konsepson  shaharlarini vayron qilib, 30 mingdan ortiq inson hayotiga zomin bo‘lgan edi. Ular zilziladan jabr ko‘rganlarga yordam berish kampaniyasida birga faoliyat yuritib, oradan bir yil o‘tib turmush qurgan. O‘sha paytda Salvador Alende Pedro Agirre Serda boshchiligidagi Xalq fronti hukumatida sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib, siyosiy faoliyatining boshida edi.

G‘ururli, jozibali va aristokrat qiyofaga ega Ortensiya Bussi siyosatga aralashmagan rafiqa bo‘lsa-da, 1958 va 1964 yillardagi muvaffaqiyatsiz prezidentlik saylovlarida eriga hamrohlik qilgan. 1970 yilda Alende g‘alaba qozongach, Ortensiya Chili birinchi xonimiga aylandi va o‘sha notinch siyosiy davrda bu vazifani nafislik va salobat bilan ado etadi.

AQSH prezidenti Richard Nikson ma’muriyatining Allende hukumatini ag‘darishga bo‘lgan qat’iy intilishi va Chilidagi konservativ kuchlarning parlamentdagi ko‘pchiligi mamlakatda doimiy siyosiy inqiroz muhitini yuzaga keltirdi. Bu holat 1973 yil sentyabrida Pinochetning harbiy to‘ntarishigacha davom etdi.

Harbiy to‘ntarish Britaniyadan sotib olingan “Hawker Hunter” qiruvchi samolyotlari tomonidan prezident saroyi va Alendening Tomas Moro ko‘chasidagi uyining bombardimon qilinishi bilan kechadi. Ortensiya Bussi bu hujumlardan omon qoladi, biroq Alende qamal ostidagi saroyda o‘z joniga qasd qiladi. Ortensiya erining jasadi bilan Valparaisoga yashirincha olib boriladi, biroq tobut muhrlangan bo‘lib, u o‘lim sababini tasdiqlay olmaydi. Shundan so‘ng Ortensiya darhol Meksikaga jo‘nab ketadi va u yerda prezident Luis Echeverriya (1970-1976 yillarda Meksika prezidenti) hukumatining butun vazirlar mahkamasi tomonidan kutib olinadi.

Alendeni ag‘darib tashlagan to‘ntarish ma’lum ma’noda Ortensiya Bussini mustaqil siyosiy shaxsga aylantirdi. U uzoq yillar erining soyasida yashagan bo‘lsa, to‘ntarishdan so‘ng inson huquqlari uchun mashhur kurashchi va dunyo bo‘ylab tarqalgan chililik qochqinlarni birlashtiruvchi ramzga aylanadi. U Sharqiy va G‘arbiy Yevropa, Sovet Ittifoqi, Xitoy hamda Lotin Amerikasidagi davlatlarga safar qilib, Chilidagi demokratik an’analar ruhini saqlab qolish uchun yig‘ilish va konferensiyalarda nutq so‘zlaydi. 
Eri nomidagi ko‘chalar va belgilarni ochadi, hatto 1977 yilda Shotlandiyadagi Glazgo universiteti rektori lavozimiga nomzod sifatida ham ko‘rsatiladi.

AQSH esa unga nisbatan sovuqqon bo‘lib, ko‘p bor viza berishdan bosh tortgan, biroq sud AQSH hukumatining qarorlarini rad etgan. Ortensiya kurashdan charchamaydi va 1988 yilda Pinochet hokimiyatiga qarshi referendum arafasida Chiliga qaytadi. 1990 yilgi saylovlar natijasida Alende asos solgan Sotsialistik partiyasi ishtirokida yangi hukumat shakllantirildi.

U Chiliga qaytib, jamoat hayotidan chetga chiqdi va keyingi yigirma yil davomida deyarli ko‘rinmadi. Shunga qaramay, 2009 yil 18 iyunda uning dafn marosimida minglab odamlar, jumladan, o‘sha paytdagi prezident Mishel Bachelet hamda sobiq prezidentlar – Rikardo Lagos va Eduardo Frey qatnashdi.

Farah Pahlaviy – Eron 

Farah Pahlaviy Eron shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning uchinchi rafiqasi hisoblanadi. U shohning xotinlari orasida “shohbonu” unvonini olgan yagona ayol bo‘lgan. Farah Pahlaviy shohning avvalgi ikki rafiqasidan farqli o‘laroq, unga voris bo‘ladigan o‘g‘il farzand tug‘ib bergan. Shohning uch rafiqasi ichida faqat u uchun toj kiyish marosimi o‘tkazilgan.

Asli ozarbayjon millatiga mansub bo‘lgan Farah 1938 yil 14 oktyabrda Tehronda tug‘ilgan. Qiziq jihati shundaki, Rizo Pahlaviyning onasi Tojulmulk ham etnik ozarbayjon bo‘lgan. Qizlikdagi ismi Diba bo‘lgan, Farahning otasi ofitser bo‘lgan. Oilasi juda badavlat bo‘lsa-da, otasining o‘limi oilani Tehrondagi villasini sotishga va qarindoshlarinikiga ko‘chib o‘tishga majbur qiladi. Farah ta’limni Tehron va Parijda oladi. Maktab yillarida u sport bilan shug‘ullangan va hatto basketbol jamoasi sardori etib saylangan. O‘rta maktabni tugatgandan so‘ng Farah arxitekturani o‘rgangan va Parijda shu mutaxassislik bo‘yicha tahsil olgan. 

1959 yilda Parijdagi Eron elchixonasida bo‘lib o‘tgan qabul marosimida Farah shohga Fransiyada o‘qiyotgan talaba sifatida tanishtiriladi. Biroq ularning tanishuvining yana bir versiyasi bor – Tehronda ikki marta maxsus sport paradi tashkil etildi, unda yuzlab yosh xonimlar ishtirok etadi. Birinchi parad paytida Muhammad shoh tanlov qila olmaydi va parad yana o‘tkaziladi. Shunday qilib, shoh Farahni tanlaydi. 21 yoshli talaba Farah va 40 yoshli Muhammad Rizo Pahlaviyning to‘yi 1959 yil 21 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Muhammad Rizo Pahlaviy 1941 yil 16 sentyabrdan 1979 yil 11 fevralgacha Eronda shohanshoh bo‘lgan. 1979 yilda Eronda shohanshohlik tugatilib, inqilob oqibatida shoh hokimiyatdan ag‘darilgan va Eron Islom Respublikasi e’lon qilingan. So‘ngra shoh oilasi vatanini tark etib, muhojirlikda hayot kechiradi va Misrda panoh topadi. Muhammad Rizo Pahlaviy shoh 1980 yilda 60 yoshida Qohirada saraton kasalligidan vafot etgandan so‘ng Farah Pahlaviy va uning oilasi bu mamlakatni tark etib, AQSH prezidenti Ronald Reyganning taklifiga binoan okean ortiga yo‘l oladi. 

Bugungi kunda Farah Pahlaviy Vashingtonda yashaydi. Keyingi yillarda Farah butun hayotini aks ettirgan fransuz tilidagi “Xotiralar. Qulagan rejim va cheksiz sevgi hikoyasi” nomli kitob yozgan. Bestsellerga aylangan bu kitob ko‘plab tillarda nashr etilgan. Muhojirlikdagi eronliklar hanuzgacha Farah Pahlaviyga avvalgidek “shohbonu” deb murojaat qiladi. 

Shohbonu o‘g‘li, shahzoda Rizo Pahlaviyning bugungi siyosiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi, lekin o‘zi soyada qolishni afzal ko‘radi. Farah avvalgidek san’at bilan shug‘ullanishda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Eron Buyuk Britaniya Iroq Liviya Panama Siliya Flores Sojida Xayrulloh Talfah Farah Pahlaviy Safiya Farkash Kaddafiy Felisiya Santana Nor'ega

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing