Xonanda Manzura mualliflik huquqini buzib qo‘shiq aytdi

3-sahifa

image

“Azizim” qo‘shig‘i muallifi Ali Niyazimbetov mualliflik huquqini tiklab berishni so‘rab, Adliya vazirligiga murojaat qildi. Bu haqda vazirlik huzuridagi Intellektual mulk departamenti xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, xalq orasida “Azizim” qo‘shig‘i bilan tanilgan Ali Niyazimbetov musiqiy asar uning ruxsatisiz ijro etilgani yuzasidan huquqiy chora ko‘rilishini so‘rab murojaat qilgan va uning murojaati Adliya vazirligi tomonidan o‘rganilib chiqilgan.

O‘rganish mobaynida xalq orasidagi taniqli ijodkor Manzura va Murodjon Yo‘ldoshev ijrosidagi “Azizim” nomli musiqiy asar muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlanib, holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining qaroriga ko‘ra, sudlanuvchi Murodjon Yo‘ldoshevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasining birinchi qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida – 375 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Abdussamiy” taxallusi bilan tanilgan shoir Shohrux Abduvohidov xonanda Botir Qodirov ustidan tegishli tartibda mualliflik haqini to‘lamasdan she’rlarini qo‘shiq qilgani uchun shikoyat qilgan edi. Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasining 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorida – 3 million so‘m jarima jazosi tayinlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Adliya Azizim Ali Niyazimbetov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing