KXDR harbiy maqsadda 2 ta qishloqni buzib tashladi
Olam
−
04 aprel 10629 2 daqiqa
Shimoliy Koreya o‘zining raketa va sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishga mo‘ljallangan asosiy ob’ektlaridan biri yaqinidagi bir nechta aholi punktini vayron qilgan bo‘lishi mumkin, bu esa infratuzilmani kengaytirish rejalaridan dalolat beradi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu holat mintaqadagi xavfsizlik borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda, ayniqsa, Erondagi cho‘zilgan urush tufayli yuzaga kelgan umumiy beqarorlik fonida.
“Stimson” markazi qoshidagi “38 North” dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida mamlakatning g‘arbiy sohilidagi, “Soxe” sun’iy yo‘ldosh uchirish stansiyasi bilan chegaradosh bo‘lgan ikkita qishloq buzib tashlangan. Gap jami yuzlab binolar haqida bormoqda.

Markazning katta ilmiy xodimi Martin Uilyams ushbu harakatlar mamlakatning koinot dasturini rivojlantirish rejalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshlar va sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi texnologiyalar yangi besh yillik rejaga kiritilganini hisobga olsa, KXDRning asosiy kosmik markazi kengaytirilishi ehtimoldan xoli emas.
“Shimoliy Koreya fevral oyida o‘zining yangi rivojlanish strategiyasini taqdim etdi – hujjat 2030 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va xususan, orbitaga qo‘shimcha razvedka sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishni nazarda tutadi. Ushbu hisobotning paydo bo‘lishi KXDRning strategik zarba berish imkoniyatlarini kuchaytirishi kutilayotgan yangi qattiq yoqilg‘ili dvigatel sinovlari haqidagi xabari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Mamlakat yadro va raketa dasturlarini faol rivojlantirmoqda, uning yetakchisi Kim Chen In esa Ukrainaga qarshi urush fonida Rossiya bilan tobora yaqinlashmoqda”, deyiladi xabarda.
Rasman sinov o‘tkazilgan joy ochiqlanmagan, biroq “38 North” tahlilchilari davlat OAVlari tomonidan e’lon qilingan suratlarga tayanib, ular aynan “Soxe” poligonida bo‘lib o‘tganini taxmin qilmoqda.
KXDR bayonotiga ko‘ra, yangi dvigatel avvalgi versiyasidan taxminan 20 foizga kuchliroq. Ehtimol, u qit’alararo ballistik raketalar uchun mo‘ljallangan. AQSH Davlat departamentining sobiq xodimi Venn Van Dipenga ko‘ra, tortish kuchining oshirilishi og‘irroq foydali yuklarni, xususan, agar Shimoliy Koreya ularni ishlab chiqa olsa, bir nechta jangovar kallaklarni uchirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Tonchxan-ri nomi bilan ham mashhur bo‘lgan poligonning ehtimoliy kengaytirilishi, so‘nggi paytlarda keskinlik kuchayib borayotgan mintaqadagi xavfsizlik borasidagi xavotirlarni yanada oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yer usti sharoitida modernizatsiya qilingan qattiq yoqilg‘ili raketa dvigatelini sinovdan o‘tkazgandi. Bu dvigatel AQSH materik qismiga zarba bera oladigan qit’alararo ballistik raketalarda qo‘llanishi mumkin.