Klopp Germaniyada yangi futbol ligasini tashkil etmoqchi – manba
Sport
−
28 yanvar 850 2 daqiqa
“Liverpul” klubining sobiq bosh murabbiysi Yurgen Klopp Germaniyada yangi futbol ligasini tashkil etish g‘oyasi ustida ishlamoqda. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Klopp Bundesligaga yo‘l olishdan avval yosh futbolchilarning yetarli tajriba orttirishiga yordam beradigan U21 ligasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ushbu tashabbus ustida u Markus Kryoshe, Sami Xedira, Andreas Rettig va Mark Lenz bilan hamkorlik qilmoqda.
Yangi liga yaratish g‘oyasi Germaniyada yosh iqtidorli futbolchilarning katta jamoalarga kirib borishi tobora qiyinlashib borayotgani haqidagi xavotirlar fonida paydo bo‘lgan. Tashkilotchilar fikricha, amaldagi tizim bir qator kamchiliklarga ega.
Xususan, Yevropadagi eng samarali 100 ta futbol akademiyasi orasiga atigi to‘qqizta Germaniya akademiyasi kiradi. Bundan tashqari, Bundesliga Yevropaning eng kuchli besh ligasi ichida o‘z tizimida tarbiyalangan futbolchilar soni eng kam bo‘lgan chempionat sanaladi. Liga doirasidagi o‘yin vaqtining qariyb 85 foizi akademiyadan o‘tmagan futbolchilarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababli, Yurgen Klopp bu muammolarni hal qilish uchun yangi futbol ligasini tashkil etish yechim bo‘lishiga umid qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Yurgen Klopp ayni paytda Red Bull kompaniyasida futbol bo‘yicha global rahbar lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Madrid”dan taklif bo‘lsa, Klopp murabbiylik faoliyatiga qaytish masalasini ko‘rib chiqishni jiddiy o‘ylayotgani haqida xabar berilgan edi.