Kruiz kemasida xavfli hantavirus: yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi 

Olam

image

MV Hondius bortida hantavirus tarqalishi bilan bog‘liq holat ortidan bir nechta yo‘lovchi evakuatsiya qilinib, xalqaro miqyosda tibbiy nazorat kuchaytirildi. Oceanwide Expeditions operatori ma’lumotiga ko‘ra, og‘ir ahvolda bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchi Niderlandiyaga yetkazilib, shifoxonada davolanishni davom ettirmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Kema G‘arbiy Afrika qirg‘oqlari yaqinidagi Kabo-Verde atrofida bir necha kun langarda turganidan so‘ng, Ispaniyaning Kanar orollari tomon yo‘l olgan. Evakuatsiya qilingan yo‘lovchilar orasida britaniyalik, gollandiyalik va germaniyalik fuqarolar bor. Ulardan biri 56 yoshli sobiq britaniyalik politsiyachi Martin Ansti ekani aniqlangan bo‘lib, u Niderlandiyada “barqaror ahvolda” deb baholanmoqda. Shuningdek, 41 yoshli gollandiyalik ekipaj a’zosi ham evakuatsiya qilingan. 

Oceanwide Expeditions ma’lumotiga ko‘ra, 65 yoshli nemis yo‘lovchi evakuatsiya jarayonidan oldin kema bortida vafot etgan ayol bilan yaqin aloqada bo‘lgan. 

Gollandiya ommaviy axborot vositalari KLM styuardessasi hantavirus alomatlari bilan Amsterdamdagi shifoxonaga yotqizilganini ham xabar qilgan. Keyinchalik 69 yoshli ayolning vafoti qayd etilgan va uning o‘limi Janubiy Afrika sog‘liqni saqlash idoralari tomonidan hantavirus bilan bog‘liq gumonli holat sifatida tekshirilmoqda. 

Bundan tashqari, kema Argentinadan jo‘nab ketganidan beri bortda bo‘lgan yana uch nafar yo‘lovchining ham vafot etgani ma’lum qilingan. 

Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Shveysariyaga qaytgan bir erkakda hantavirus aniqlanganini va u Syurixdagi shifoxonada davolanayotganini tasdiqlagan. JSST ma’lumotiga ko‘ra, bemor kema operatoridan kelgan ogohlantirish xabariga javob berganidan so‘ng holat aniqlangan. “Oceanwide Expeditions” bergan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, MV Hondius bortida 23 mamlakatdan jami 146 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari qat’iy ehtiyot choralariga rioya qilgan holda kuzatuv ostida qolmoqda. JSST esa hozirgacha 8 ta hantavirus holati qayd etilganini, ulardan 3 tasi tasdiqlangan, 5 tasi esa gumon qilinayotganini bildirgan.

Janubiy Afrika sog‘liqni saqlash idoralari esa kemaning kelib chiqqan hududida keng tarqalgan Andes hantavirus shtammi ikki bemorda aniqlanganini ma’lum qildi. Mutaxassislar avvalgi epidemiyalarda ushbu shtammning odamlar orasida yuqish holatlari qayd etilganini ta’kidlamoqda. Ispaniya rasmiylari kemaning Kanar orollariga kirishiga rozilik bergan bo‘lsa-da, mahalliy hokimiyat bu qarorga ehtiyotkorlik bilan yondashgan. 

JSST mutaxassislari esa hantavirus COVID-19 yoki grippdan farqli ravishda asosan bevosita yaqin kontakt orqali yuqishini, vaziyat qat’iy nazorat ostida ekanini bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Atlantika okeani bo‘ylab kruiz sayohati chog‘ida MV Hondius bortida hantavirus tarqalishi oqibatida uch nafar sayyoh vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Zarnigor Xudoyberdiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

evakuatsiya hantavirus Kruiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing