Kutilmagan “lotareya”: Venesuelada 11 ming mahkum ozodlikka chiqadi
Olam
−
22 fevral 4292 2 daqiqa
Venesuelada yangi amnistiya qonuni qabul qilingach, 1 557 nafar siyosiy mahkum ozodlikka chiqish uchun ariza topshirgan. Bu haqda Milliy assambleya raisi Xorxe Rodriges ma’lum qilgan, deb yozmoqda BBC.
Mulozimning aytishicha, arizalar “zudlik bilan” ko‘rib chiqilmoqda va yuzlab mahkumlar allaqachon ozod etilgan. Qonun yakunda 11 ming nafar maxbusni qamrab olishi mumkin.
Amnistiya tashabbusi 8 yanvar kuni, sobiq prezident Nikolas Maduro 3 yanvarda qo‘lga olinganidan bir necha kun o‘tib e’lon qilingan. AQSH Venesuelani siyosiy mahkumlarni ozod qilish jarayonini tezlashtirishga chaqirgan. Hukumat esa mamlakatda siyosiy mahkumlar saqlanmayotganini ta’kidlab keladi.
Amnistiya qonuni ayrim mahkumlarni qamrab olmasligi mumkin. Xususan, xorijiy harbiy aralashuvga chaqirganlar undan chetda qolishi haqida tanqidlar bor. Shuningdek, avvalgi isyonlarda qatnashgan ayrim harbiylar ham imtiyozlardan mahrum bo‘lishi mumkin.
Rodrigesning bildirishicha, ozod etish jarayoni avvalo Karakasdagi El Helikoide qamoqxonasidan boshlanadi va u yerdagi mahkumlar “yaqin soatlarda” chiqarilishi mumkin.
Maduro esa AQSHda hibsda saqlanmoqda va unga qo‘yilgan giyohvand moddalar hamda qurol ayblovlarini rad etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada siyosiy vaziyat keskinlashgan bir paytda Kuba xavfsizlik maslahatchilari va shifokorlari mamlakatni tark eta boshlagani aytilgan edi. Bir nechta manbalarga ko‘ra, Vashington bosimi kuchaygani ortidan Karakas va Gavana o‘rtasidagi ko‘p yillik strategik ittifoq so‘roq ostiga tushgan.
Live
Barchasi