Maktab direktorligi uchun $10 ming so‘ragan amaldor ushlandi

3-sahifa

image
Namangan viloyatining ikki tumanidagi Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida korrupsion harakatlar amalga oshirgani uchun tuman sho‘ba boshlig‘i hamda xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining sho‘ba boshlig‘i To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni Namangan shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 10 000 AQSH dollari talab qilgan. U so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 8 500 AQSH dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs 2011 yilda Jinoyat Kodeksining 168-, 205-, 209-, 210- va 227-moddalari (firibgarlik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi, pora olish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni ... egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan sudlangan bo‘lsada, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Shuningdek, boshqa bir holatda Namangan shahridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimi davlat xususiy sherikchiligida 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorga o‘zining mansabdor tanishlari orqali mazkur tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tegishli shartnomalarni tasdiqlatib berish evaziga 2 000 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan ushbu pul mablag‘ini olganida Davlatobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisining noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.

Bildirilishicha, hozirda har ikki holat bo‘yicha mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahar IIO FMB profilaktika inspektori 7 ming dollar pora olgan vaqtida qo‘lga tushgani xabar qilingandi.

Maqola muallifi

Teglar

Namangan amaldor Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi korruptsion harakatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing