Chodaksoyda cho‘kib ketgan yigitning jasadi topildi
3-sahifa
−
05 iyun 8905 1 daqiqa
Avvalroq, Namangan viloyatining Pop tumanidagi dam olish maskanida 23 yoshli yigit cho‘kib ketgani haqida xabar berilgan edi. Bir necha kunlik qidiruv ishlaridan so‘ng uning jasadi topildi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Pop tumani “Shayxon” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chodaksoy soyida olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlangan. Qidiruv tadbirlari davomida 2002 yilda tug‘ilgan fuqaroning jasadi soydan topilgan va tegishli tartibda mutasaddi tashkilotlarga topshirilgan.
Shu o‘rinda FVB fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqqan. Xususan, cho‘milish taqiqlangan hamda xavfli deb belgilangan hududlarda suvga tushmaslik so‘raladi.
“Suv havzalari, soy va kanallarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish inson hayoti va salomatligini saqlashning eng muhim omillaridan biridir. Bir lahzalik ehtiyotsizlik og‘ir va qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin. O‘zingiz va yaqinlaringiz asrang, suvda xavfsizlik qoidalariga amal qiling!” deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur holat yuzasidan Pop tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Live
Barchasi