Mirziyoyev Infantinoni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi
Sport
−
08 Sentabr 5193 2 daqiqa
Bugun, 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantinoni qabul qilib, unga Do‘stlik” ordenini topshirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida FIFA prezidenti O‘zbekiston yetakchisi va xalqini tarixiy voqea – milliy terma jamoa 2026 yilda AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani bilan yana bir bor samimiy tabriklagan. Ushbu haqli yutuq mamlakatda olib borilayotgan samarali islohotlar, sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va har tomonlama ko‘makning amaliy natijasi ekani ta’kidlangan.
O‘zbekistonning ushbu nufuzli xalqaro tuzilma bilan, eng avvalo, futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, murabbiylar, hakamlar, menejerlar, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlash borasidagi sermahsul hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
“Futbolni, birinchi navbatda, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi xabarda.
FIFA’ning texnik ko‘magida zamonaviy Milliy futbol markazi, shu jumladan, innovatsion yechimlarni joriy etgan holda raqamli futbol bo‘yicha situatsion markaz tashkil etildi. O‘tgan yili mamlakatda futzal bo‘yicha Jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zbekistonda FIFA’ning yirik musobaqalari va tadbirlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Bildirilishicha, Toshkent shahrida FIFA’ning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti o‘zbek futbolini rivojlantirish va xalqaro maydonda ilgari surishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga O‘zbekistonning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga kelgan Janni Infantino boshchiligidagi FIFA delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda boshqa rasmiylar hamrohligida Toshkent shahrida barpo etilgan Olimpiya shaharchasi va Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida qurilgan Milliy futbol markazini ko‘zdan kechirgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr