Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar ortidan 19 nafar amaldor ishdan olindi

3-sahifa

image

Aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini buzgan vazirlik, idora va hokimliklarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 19 nafar xodim lavozimidan ozod etildi, 36 nafari esa intizomiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Xalq qabulxonasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qabulxona tomonidan Prezidentning 2026 yil 1 apreldagi 51-sonli “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida vazirlik, idora va hokimliklarning murojaatlar bilan ishlash faoliyati o‘rganilgan.

Tekshiruvlar davomida 41 ta vazirlik, idora va hokimlik tomonidan jami 1070 ta holatda murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzilgani aniqlangan. Shu munosabat bilan tashkilotlar rahbarlariga kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, mas’ul xodimlarni javobgarlikka tortish va bunday holatlar takrorlanishining oldini olish bo‘yicha nazorat xatlari yuborilgan.

Tahlillarga ko‘ra, murojaatlar ijrosi muddatlarini eng ko‘p buzgan tashkilotlar orasida Andijon viloyati hokimligi (137 ta holat), Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (107 ta), Surxondaryo viloyati hokimligi (103 ta), Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (79 ta) hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (65 ta) qayd etilgan.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ichki xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, 36 nafar xodim intizomiy jazoga tortildi, 19 nafar xodim esa lavozimidan bo‘shatilgan.

Bundan tashqari, Prezidentning 51-son farmoni talablari asosida murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmagan 13 ta vazirlik va idoraga oid materiallar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektrdagi yo‘qotishlar sabab 44 ta tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ishdan olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xalq qabulxonasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing