Navoiyda otasi og‘ziga paypoq tiqqan 5 oylik chaqaloq vafot etdi
3-sahifa
−
19 yanvar 7922 2 daqiqa
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yig‘lagani uchun otasi og‘ziga paypoq tiqib qo‘ygan 5 oylik chaqaloq vafot etdi. Bu haqda “Zamon” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 10 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Bola yig‘layotgani sababli ota uning og‘ziga paypoq tiqqan. Oqibatda u nafas yetishmovchiligi sabab ko‘kara boshlagan. Shundan so‘ng onasi chaqaloqni zudlik bilan shifoxonaga olib borgan.
“10 yanvar kuni soat 00:00 atrofida bir bemor o‘ta og‘ir ahvolda, klinik o‘lim holatida olib kelindi. Yurak va nafas olishi to‘xtagandi, o‘pka-yurak reanimatsiyasini o‘tkazdik, so‘ng yuragi tiklandi. Bemorni to‘rt kun davomida bolalar reanimatsiyasi bo‘limida standart asosida davoladik. Kerakli mutaxassislar ko‘rdi. Shunga qaramasdan, 14 yanvar kuni soat 22:00 atrofida bolada biologik o‘lim holati kuzatildi”, degan shifokor.
Mahalla vakillarining ma’lum qilishicha, bu erkakning ikkinchi oilasi (ikki o‘g‘il) bo‘lgan. Avvalgi oilasida ham u farzandlariga (bir qiz, bir o‘g‘il) doimiy ravishda tazyiq o‘tkazib kelgan. Mahalla yettiligi erkak bilan ko‘p marotaba profilaktik suhbatlar o‘tkazgan va nazoratda bo‘lgan.
Navoiy viloyati IIBga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida erkak ayoli va uning yangi tug‘ilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qilib, ularni 5 oy davomida majburan molxonada saqlagani haqida xabar berilgandi. Keyinchalik, erkak va uning qarindoshlariga nisbatan sud hukmi ham o‘qilgan.
Live
Barchasi