“Neft uchun to‘kilayotgan qon! Keyingi o‘lja kim?”

Tahlil

Tramp demokratiyaga “tupurdi”. Venesuela yoshlari davlatiga nisbatan bostirib kirishni raqsga tushib nishonlamoqda. Dunyoda tinchlik o‘rnatishini da’vo qiluvchi tashkilot — BMT “talqon yeyapti”. O‘z qudratiga ishongan Amerika prezidenti navbatdagi “nishonlar”ni ochiq-oydin aytmoqda. Bu voqealarning barchasi sizni Venesuela nomini har kuni bir necha marotaba eshitishga majbur qilmoqda. Fikrlar jangida tomonlar ikkiga bo‘lingan. “Qay tomon haq?”

Dunyo tarixidagi eng tez taslim qilingan prezident

2025 yilning so‘nggida tinchlik bo‘yicha “Nobel” mukofotiga nomzodlar qatorida bo‘lgan  Tramp 2026 yilning uchinchi kunidayoq kichik urushni boshlab berdi. 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘ldi. Ushbu operatsiya oqibatida tinch aholi va harbiylarni qo‘shganda kamida 40 kishi halok bo‘lgani haqida “The New York Times” xabar berdi. 3 soatdan biroz ko‘proq vaqt davom etgan hujum yakunida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketildi. AQSH er-xotinga “narkoterrorizm” bo‘yicha ayblovlar qo‘ydi.

AQSH o‘z hujumini aslida himoyalanish deb izohlamoqda

AQSH o‘z harakatini oqlash uchun BMT nizomining 51-moddasiga “yopishib olgan” va go‘yoki barchasini qonuniy darajada amalga oshirganini iddao qilmoqda.  Lekin, xalqaro qonunlarga ko‘ra "o‘zini himoya qilish" deya baholanishi uchun bir davlat boshqasi tomonidan qilingan qurolli hujum yoki muqarrar tahdidga qarshi chora ko‘rishi kerak bo‘ladi. Biroq Tramp o‘zi da’vo qilayotgan 51-moddaga mos tushmaydigan narko-ayblov sabab Venesuelaga hujum uchun buyruq berganini aytdi. Aslida bu harbiy yurishning maqsadi Venesuelaning strategik resurslarini, xususan, uning neft va minerallarini tortib olish hamda egalik qilish ekanligi siyosatchilar tomonidan aytilmoqda.

Ammo Amerika Qo‘shma Shtatlari Venesuela bilan qurolli to‘qnashuvga borishni istamasligi va ayni damda mamlakatlar jangovar holatda ham emasligi aytildi.

“Amerika Venesuela bilan urush qilmoqchi emas. Biz yomon odamlarga qarshi kurashdik, xolos”, - degan Oq uy rahbari.

Xalqaro reaksiya

AQSHning hujumi dunyo bo‘ylab muhokama qilinar ekan 4 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ham Irlandiya Bosh vaziri bilan uchrashuv chog‘ida mavzu yuzasidan so‘z ochdi.

“Bugungi dunyo o‘zgarishlar va beqarorlikka to‘la, bir tomonlama qo‘rqitish esa xalqaro tartibga jiddiy zarar yetkazdi. Barcha davlatlar boshqa mamlakatlar xalqlari tomonidan mustaqil tanlangan rivojlanish yo‘lini hurmat qilishi, xalqaro huquq hamda BMT nizomining maqsad va tamoyillariga rioya qilishi lozim. Yirik davlatlar bu borada o‘rnak bo‘lishi kerak”, - deydi Si Szinpin.

Nyu-York meri Zohran Mamdani ham AQSH tomonidan Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyani “urush harakati” va xalqaro hamda federal qonunlarning buzilishi sifatida baholadi. Mamdani Tramp bilan telefon orqali gaplashganini va Maduroning hamda uning rafiqasining hibsga olinishi masalasida o‘z noroziligini ochiq bildirganini tasdiqlagan.

AQSHning Venesuelaga nisbatan qilgan harakatlari bevosita bostirib kirish bo‘ladimi, yoki ichki jarayonlarni tashqi bosim bilan boshqarishga intilishmi, narkomafiyaga qarshi kurashish deb oqlanadimi — farqi yo‘q! Jarayon bitta haqiqatni yana bir bor eslatdi: zamonaviy dunyoda urush faqat tank, qurol yoki portlashlar bilan boshlanmaydi. Ba’zan u sanksiya ko‘rinishida, ayrim xollarda axborot jangi sabab, ko‘pincha esa ichkaridan sotib olingan odamlar orqali boshlanadi.

AQSH — BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosidan biri. Bu esa shuni anglatadiki, u nafaqat katta kuchga ega, balki noqonuniy ishlatilgan kuchni “qonuniy harakat” sifatida ko‘rsatish imkoniyati ham bor. Xuddi shu sababli dunyoning ko‘p joylarida AQSH ishtirokidagi aralashuvlar “demokratiya”, “xalq irodasi”, “ozodlik” degan niqob ostida oqlanadi.

Arab bahori: xalq irodasi yoki geosiyosiy loyiha?

2011 yilgi Arab bahori ham dastlab xalq erkinligi va adolat talabi sifatida boshlangan edi. Ammo tashqi aralashuvlar kuchaygan sari jarayon boshqaruvdan chiqdi. Suriya, Liviya, Yaman kabi davlatlar uzoq yillik beqarorlik va insoniy fojialar girdobiga tushib qoldi. Ayrim mamlakatlarda eski tuzum qulab, uning o‘rniga yanada qattiqroq yoki beqarorroq tizimlar vujudga keldi.

Venesuela holati AQSH tashqi siyosatida yangi hodisa emas. Iroq, Liviya, Afg‘oniston va Suriya misollari bu jarayonning qanday yakun topishini ko‘rsatib bergan.

2003 yilda Iroqqa qarshi urush “ommaviy qirg‘in qurollari” bahonasi bilan boshlangan edi. Natijada davlat tuzilmasi parchalandi, millionlab insonlar hayotidan ayrildi, ammo da’vo qilingan qurollar topilmadi.

2011 yilda Liviyada “xalqni himoya qilish” shiori ostida amalga oshirilgan aralashuv esa davlat tizimini butunlay yo‘qotdi. “Himoya qilinishi” aytilgan xalq faqat qiynaldi

Afg‘onistonda yigirma yil davom etgan urush oxir-oqibat boshlang‘ich nuqtaga qaytdi. Tolibon yana boshqaruvni qo‘liga oldi. Ammo ortda qolgan yillar davomida qanchadan-qancha insonlar, tabiiy resurslar, dunyo darajasidagi mavqe yo‘qotildi.

Sobiq AQSH davlat kotibi Genri Kissinjerning “Amerika bilan dushman bo‘lish xavfli, do‘st bo‘lish esa ba’zan halokatli” degan gapi aynan shu tarixiy tajribalardan kelib chiqqan.

Venesuela holatida ham shuni ko‘rdik. Bir davlatga qurolli hujum bo‘ldi, 3 soatdan ko‘proq vaqt ichida mamlakat prezidenti olib ketildi va eng dahshatlisi — xalqning bir qismi buni olqishlab, bayram qildi. Bu sahna tashqaridan qaraganda “zolim rahbardan qutulish”ga o‘xshashi mumkin. Ayniqsa, prezident Nikolas Maduro diktatorlikda, uning boshqaruvi esa avtoritar tizim sifatida baholanganda. Ammo siyosiy tahlil nuqtai nazaridan bu — davlat immunitetining yemirilgani degani.

Chunki agar bir xalq tashqi kuch aralashuvini xursandchilik bilan qarshi olsa, o‘z davlat rahbarining olib ketilishini “yengillik” deb qabul qilsa, “bizga nima bo‘lsa ham, faqat hozirgi hokimiyat ketsin” deguvchi darajaga tushib qolsa, demak u jamiyat ichkaridan sindirilgan bo‘ladi.

Xalq nimadan norozi?

Venesuelada iqtisodiy inqiroz avjida. Pul qadrsizlanishi eng yuqori darajada. Maoshlar deyarli hech narsaga yetmaydi. Venesuela aholisining 82 foizi dunyo bo‘yicha tan olingan qashshoqlik chegarasidan past darajada yashashi aytiladi. Ularning 53 foizi esa o‘ta qashshoqlik holatida bo‘lib, hatto eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olishga imkoni yo‘q. Hukumat “iqtisodiy urush bonusi” sifatida aholiga oyiga 120 dollar atrofida subsidiya berib kelayotgan bo‘lsa-da, bu mablag‘ kundalik ehtiyojlarni qoplay olmaydi. Ishchi aholining 70 foizdan ortig‘i oyiga 50 dollardan kam daromad topishi haqida ma’lumotlar sizdirilgan. Iqtisodiy notenglik kuchaygan bo‘lib, aholining faqat kichik bir qismi taxminan 6 foizi oyiga 1000 dollardan ko‘proq daromad topa oladi. Hozirda 5,4 milliondan ortiq venesuelalik shoshilinch gumanitar yordamga muhtoj deb topilgan. Bir qarashda raqamlar juda achinarli ahvolni ko‘z oldingizga keltiradi. Ammo bir jihatni ham aytish kerak. Yuqorida keltirilgan statistika davlatning rasmiy manbalarida keltirilmagan. Media to‘liq nazoratda bo‘lgani sababli bu kabi ma’lumotlar ochiqlanmaydi. Biz sizga taqdim etgan ma’lumotlar esa mahalliy so‘rovnomalar va xalqaro izlanishlar natijasida ijtimoiy mediaga chiqarilgan. Ammo bir narsa aniq. Venesuelada iqtisodiy inqiroz haqiqatan juda chuqur va oddiy insonlar uchun yashash sharoitlari o‘ta og‘ir.

Ahvol bu darajada yomonlashganini neftga qaramlik va noto‘g‘ri boshqaruv bilan izohlash mumkin. Venesuela dunyodagi eng katta neft zaxiralaridan biriga ega. Lekin korrupsiya va noto‘g‘ri siyosat sabab neftdan tushadigan daromad xalq hayotiga foyda bermayapti. Daromadlar qayerga ketayotganini taxmin qilgan bo‘lsangiz kerak.

Bugungi davrda inson ehtiyoji uchun juda muhim bo‘lgan elektr, suv va gaz borasida ham jiddiy muammolar bor. Doimiy elektr uzilishlari kuzatiladi, toza ichimlik suvi tanqis, gaz hamda yoqilg‘i yetishmaydi. Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi inqirozda. Kasalxonalarda dori yo‘q, shifokorlar mamlakatni tark etmoqda. Maktab va universitetlar yetarli darajada ishlamaydi. Bu muammolarni ko‘tarishi kerak bo‘lgan mustaqil OAV cheklangan. Namoyishlar kuch bilan bostirilgan. Faollar va jurnalistlar ta’qib qilingan holatlar bor. Buning oqibatida ommaviy migratsiya boshlandi. 7 milliondan ortiq venesuelaliklar boshqa davlatlarga ketishga majbur bo‘lgan. Tabiiyki, bu – xalqning kelajakka umidi pasayganining belgisi. Umuman olganda, Venesuela xalqi bugungi kunda kundalik omon qolish uchun kurashmoqda.

13 yillik boshqaruvning qulashi

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro deyarli 13 yil davomida mamlakatni boshqarib keldi. Dastlab 2013 yilning 19 aprelida saylovda g‘olib bo‘lib lavozimni egallagan Maduro 2018 yilda yana nomzodini prezidentlikka qo‘ydi va g‘alaba qozondi. Uchinchi marta esa 2024 yil saylovda raqiblaridan sezilarli darajada o‘zib ketib saylandi. Aynan shu davrda aholining e’tirozi anchayin oshdi. Ular saylov natijalari soxtalashtirilgani haqida gapira boshlashdi. Yakun qanday bo‘lganini esa bilasiz.

Bugun Venesuela xalqining noroziligi ikki xil yo‘nalishda namoyon bo‘lmoqda. Maduro tarafdorlari AQSHning harbiy aralashuvini “suverenitetni buzish” va “prezidentni o‘g‘irlash” deb hisoblab, Maduroning ozod etilishini talab qilib namoyishlarga chiqishmoqda. Muxolifat va hukumatdan charchaganlar, aholining katta qismi esa uzoq yillar davom etgan oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligi, doimiy elektr uzilishlari va siyosiy repressiyalardan norozi. Xalqaro norozilik qismi ham bor. Ko‘pchilik “neft uchun qon to‘kilmasin” shiori ostida AQSHning Venesuela tabiiy boyliklarini nazorat qilishga urinayotganidan xavotir bildirmoqda. Hozirda mamlakat “keragidan ortiq ishirilgan shar” holatida bo‘lib, turli qurolli guruhlar va harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar xavfi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Tanganing ikkinchi tomoni

Eng xavfli dushman hech qachon birinchi bo‘lib chegaradan o‘tib kelmaydi. U avval fikrlarga, keyin elitalarga, oxiri esa ko‘chalarga chiquvchi xalq ongiga kirib boradi. Afsuski, Venesueladagi manzarani ko‘rib, uni olqishlaganlar faqat u yerdagilar emas. Ko‘plab boshqa jamiyatlarda “to‘g‘ri bo‘ldi”, “xalq qutuldi”, “AQSH tartib o‘rnatdi” degan fikrlar yangradi. Bu esa juda jiddiy signal.

Chunki bugun Venesuela, kecha Iroq, undan oldin Liviya, Afg‘oniston, Suriya boshiga tushgan tashvish — ertaga boshqa davlat eshigini taqillatishi mumkin. Hech bir mamlakat “bizga bunday bo‘lmaydi” degan kafolatga ega emas. Ayniqsa, agar jamiyat ichida davlatga ishonch yemirilsa, muammolar faqat tashqi “qutqaruvchi” bilan hal bo‘ladi degan xayol kuchaysa va eng yomoni — sotqinlik oqlana boshlasa.

Ayrimlar tomonidan olqishlanayotgan Tramp Venesuela xalqiga yoqadigan gaplarni aytmoqda. AQSH prezidenti Venesuelaliklar endi boy bo‘lishi, resurslardan unumli foydalanishi, jinoyatchilik kamayishini aytsa-da uning o‘zining qilmishi jinoyatdan boshqa narsa emas. Chunki o‘z prezidenti, hukumati va chegaralari bor davlatga qurolli hujum uyushtirish xalqaro qonunlarga zid! Garchi bu harakatga “o‘zini himoya qilish” sabab sifatida ko‘rsatilsa-da.

Ishtaha — ovqat ustida keladi

Tramp Maduroning kuni yana bir davlat yetakchisining boshiga tushishini aytdi. U Kolumbiya yetakchisi Gustavo Petroni giyohvand moddalar ishlab chiqarishda aybladi va uni ag‘darish bo‘yicha operatsiya o‘tkazilishi mumkinligini istisno etmadi. Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra AQSHning vazifasi – atrofida “hayotga layoqatli va muvaffaqiyatli davlatlar yig‘ish. Shu bilan birga, u yerlarda Amerika erkin neft qazib olishi lozim”.

Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro ham o‘z davlatini himoya qilish uchun qurol olishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, AQSH uni hibsga olishga urinadigan bo‘lsa, xalqi uning yonida turishiga ishonishini aytgan. Bu haqda Kolumbiya yetakchisi o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Petroning yozishicha, u hech qachon harbiy bo‘lmagan, lekin urush va yashirin kurash nima ekanidan xabari bor.

“1989 yilgi tinchlik kelishuvidan so‘ng qurolni qo‘limga olmayman, deb qasamyod qilgandim, lekin vatan uchun bu ishni qilishga majburman, garchi urushni yoqtirmasam ham. Agar ular Prezidentni hibsga olishga urinsalar va buni uddasidan chiqsalar, xalqim o‘z yetakchisini sevib va hurmat qiladigan bo‘lsa, millat yaguarini ozod qiladi”, -deydi Petro o‘z postida. “Orzular mamlakati”ning prezidenti AQSHga mudofaa maqsadlarida Grenlandiya ustidan nazorat juda zarur ekanini ham ochiqchasiga aytib, 1823 yilda e’lon qilingan “Monro doktrinasi”ni tilga olgan. Biroq, u Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni olib qochish qarori faqat geografik omillar bilan bog‘liq emasligini bildirgan.

“Gap yarimsharda emas. Gap mamlakatda. Gap alohida davlatlarda”, deydi AQSH Prezidenti.

Donald Tramp Grenlandiya ustidan AQSH nazorati zarurligi haqida birinchi marta gapirayotgani yo‘q. 2025 yilning dekabr oyi oxirida u BBC’ga bergan intervyusida ham Qo‘shma Shtatlarga Grenlandiya “milliy xavfsizlik uchun zarur” ekanini aytgan edi.

AQSHdagi farovonlik yo‘lida nazorati qo‘lga olinishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxati shu bilan yakunlanadimi yo‘qmi aniq nimadir deya olmaymiz. Chunki, Trampning so‘ngi qarorlari va fikrlarini eski filmdagi mashhur ibora bilan ta’riflash mumkin: “Ular nima qilsa ham shariatga mos kelaveradi”
Shu bois, Venesuelaga bugun xaritadagi bir davlat emas, oyna sifatida qarash kerak! Kuchli davlatlar “tinchlik”, “ozodlik”, “xalq manfaatlari” deb jar solsa-da, aslida ularning niyati nima ekanini jiddiy o‘ylab ko‘rish shart. Kecha yordamga uzatilgan qo‘l bugun nazorat qilishi, ertaga esa ega chiqishi hech gapmas!  Eng achinarlisi — bu jarayonda eng ko‘p zarar ko‘radiganlar har doim oddiy xalq bo‘ladi.

Nurzodbek Vohidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Afg'oniston AQSh Suriya Venesuela Iroq Nikolas Maduro Liviya N'yu-York Oq uy Neft' Gustavo Petro Zohran Mamdani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing