Ohangarondagi tog‘larda unutib qoldirilgan 4 yoshli bola topildi (video)
Jamiyat
−
14 aprel 8323 2 daqiqa
Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bolani topdi. Bu haqda vazirlikning Telegram-kanalida xabar berildi.
Hodisa kecha, 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Olti kishidan iborat oila tarkibida 4 yoshli bola ham bo‘lgan, ular dam olish uchun yo‘lga chiqqan. Sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda ular tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish maqsadida yuqoriga ko‘tarilgan. Aynan shu joyda kattalar bolani unutib qoldirib, dam olishni davom ettirish uchun pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi taxminan 40 daqiqadan so‘ng ma’lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng bolaning yaqinlari zudlik bilan FVVning navbatchilik qismiga xabar bergan. Yo‘qolgan bolani qidirish ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari, shuningdek “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari darhol jalb etilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan.
Bugun, 14 aprel kuni tungi soat 00:20 da 4 yoshli bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan. Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan topilgan. Topilgan vaqtda bola tizzasigacha qor ichida jim holda turgan bo‘lgan.
Qayd etilishicha, bola yaqinlariga sog‘-salomat topshirilgan. Hozirda u o‘z uyida, ahvoli yaxshi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida fuqaro 25-30 metr pastlikka qulab tushgandi.
Live
Barchasi