Olimlar inson miyasi yoshining 5 bosqichini aniqladi

Bu qiziq

image

Kembrij universiteti olimlari inson miyasi hayot davomida bir necha aniq belgilangan bosqichlardan o‘tishini aniqladi. Unga ko‘ra, miyada asosiy burilish nuqtalari 9, 32, 66 va 83 yoshda sodir bo‘ladi. Bu haqdagi tadqiqot BBC’da e’lon qilindi.

Ilmiy ishda 90 yoshgacha bo‘lgan qariyb 4 ming kishi ishtirok etgan. Olimlar ularning miyasini skanerdan o‘tkazib, miya hujayralari o‘rtasidagi aloqalar qanday ishlashini aniqlashga harakat qilgan.

Kembrij tadqiqotchilari miya taxminan 30 yoshga yetguniga qadar yoshlik fazasida bo‘lishini aniqlagan. Aynan shu yosh inson organizmining eng yuqori cho‘qqisi deb hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, yangi tadqiqot natijalari hayotning turli davrlarida ruhiy kasalliklar va demensiya xavfi nima uchun o‘zgarishini tushunishga yordam beradi.

Yangi bilim va tajriba orttirish jarayonida miya doimo o‘zgarib boradi. Biroq tadqiqot shuni ko‘rsatganki, bu tug‘ilishdan o‘limgacha uzluksiz davom etadigan bir maromdagi jarayon emas.

Buning o‘rniga miya faoliyatining besh bosqichi mavjud:

  • bolalik: tug‘ilgandan 9 yoshgacha; 
  • yoshlik davri: 9 yoshdan 32 yoshgacha; 
  • balog‘at: 32 yoshdan 66 yoshgacha; 
  • erta qarilik: 66 yoshdan 83 yoshgacha; 
  • kechki qarilik: 83 yoshdan keyin.

Bolalik davri. Bu birinchi bosqichda miya tez sur’atlarda kattalashadi, ammo bir vaqtning o‘zida hayotning boshida hosil bo‘lgan ortiqcha nerv hujayralari orasidagi aloqalarni “qirqib tashlaydi”. Shu bosqichda miya unchalik samarali ishlamaydi. U maqsadsiz ravishda sayr qilayotgan bola kabi harakat qiladi – A nuqtadan B nuqtaga to‘g‘ri yurish o‘rniga xohlagan tomonga og‘ib ketaveradi.

Yoshlik davri. Taxminan 9 yoshdan boshlab hammasi keskin o‘zgaradi – miyadagi aloqalar maksimal samaradorlik uchun qayta qurila boshlaydi. Doktor Mousliga ko‘ra, bu juda katta burilish va o‘tish inson hayotidagi eng muhim pallalardan biri. Aynan shu vaqtda ruhiy kasalliklar yuzaga kelish xavfi eng yuqori bo‘ladi.

Yoshlik davrining o‘spirinlik bilan chambarchas bog‘liq ekanida ajablanarli narsa yo‘q. Ammo tadqiqotlar bu bosqich kutilganidan ancha uzoq davom etishini ko‘rsatmoqda. Ilgari yoshlik faqat o‘smirlik yillari bilan chegaralanadi, deb o‘ylangan bo‘lsa, keyinchalik nevrobiologiya bu jarayon yigirmadan keyin ham davom etishini tasdiqlagan, endi esa u 30 yoshdan oshgunga qadar cho‘zilishi aytilmoqda.

Bu miya neyron tarmoqlari yanada samaraliroq bo‘ladigan yagona bosqichdir. Mouslining aytishicha, miya faoliyati ko‘rsatkichlari 30 yoshdan keyingi ilk yillarda eng yuqori darajaga yetadi, ya’ni 9 yoshdan 32 yoshgacha davom etadigan bosqichning oxirida. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, miyaning bitta rivojlanish bosqichida shu qadar uzoq vaqt qolishi juda qiziqarli holatdir.

Balog‘at davri. Keyin barqarorlik davri boshlanadi – bu miyaning eng uzun bosqichi bo‘lib, qariyb uchta dekadani o‘z ichiga oladi. O‘zgarishlar bu vaqtda avvalgi yillardagi keskin jarayonlarga qaraganda ancha sekin kechadi, ammo aynan shu bosqichda miyaning rivojlanish jarayoni teskari tomonga o‘ta boshlaydi. Olimlarning aytishicha, bu davrda odamlar “intellekt va shaxsning o‘ziga xos platosi”ga chiqadi.

Erta qarish. Bu bosqich taxminan 66 yosh atrofida boshlanadi, ammo bu miyaning keskin va to‘satdan yomonlashuvi emas. Aslida esa miya ichidagi o‘zaro bog‘liqlik sxemalari o‘zgaradi. Bir butun tizim sifatida ishlash o‘rniga, miya asta-sekin alohida bo‘linmalarga ajralib, lekin o‘zaro yaqindan hamkorlik qiladigan tuzilishga o‘tadi – xuddi bir guruh musiqachilarning o‘z alohida loyihalariga kirishib, baribir bir-biri bilan ishlashda davom etishi kabi. Tadqiqot sog‘lom miyaga qaratilgan bo‘lsa-da, demensiya va qon bosimiga bog‘liq o‘zgarishlar aynan shu yoshda ko‘rina boshlaydi.

Kechki qarilik. So‘ngra, 83 yoshdan boshlab yakuniy bosqich boshlanadi. Bu yosh guruhiga oid ma’lumotlar kamroq, chunki sog‘lom miyaga ega yetarlicha kishi topish qiyin bo‘lgan. Miyaning bu bosqichdagi o‘zgarishlari erta qarish davridagiga o‘xshaydi, biroq yanada kuchliroq ifodalanadi. Doktor Mousli yosh o‘tishlarining hayotdagi muhim davrlar – o‘smirlik, sog‘liq bilan bog‘liq muammolar va hatto 30 yoshdagi katta hayotiy o‘zgarishlar, masalan, farzand ko‘rish bilan qanchalik mos kelishidan juda hayratlanganini aytadi.

Edinburg universiteti Miya tadqiqotlari markazi direktori professor Spayrs-Jonsning aytishicha, tadqiqot natijalari hozirgi kunda miya qarishi haqidagi tushunchalar bilan “juda yaxshi uyg‘unlashadi”, ammo “hamma ham aynan tadqiqotda aytilgan yosh davrlarida bir xil o‘zgarishlarni boshdan kechirmaydi”.


Maqola muallifi

Teglar

tadqiqot yosh inson miyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing