Peterburg forum davomida yana hujumga uchradi (video)

Olam

image

Ukraina dronlari bugun, 6 iyun kuni ertalab Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatiga hujum qildi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari xabar berdi.

Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov shahar aholisini “uylarida qolish va ko‘chaga chiqmaslik”ka chaqirgan.

Hujum sababli shaharda tunda va ertalab mobil internet ishida uzilishlar qayd etilgan.

Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko esa hudud ustida 141 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirilganini ma’lum qilgan. Qoldiqlar Luga, Volosovo va Lomonosov tumanlariga tushgan. Shuningdek, u Bolshaya Ijora posyolkasi hududida yong‘in chiqqanini ham bildirgan. U vayronalar ko‘lamini aniqlashtirmagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar yo‘q.

Lomonosovdagi Dengiz issiqlik texnikasi ilmiy-tadqiqot instituti (bu yerda suv osti qurollari ishlab chiqiladi), Kronshtadtdagi Kadet dengiz korpusi hamda Petergof neft bazasi dronlar zarbasiga uchragani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining ilk kunida Sankt-Peterburg va unga yaqin hududlardagi bir nechta infratuzilma ob’ektlariga hujum qilgandi. Hujum oqibatida ayrim ob’ektlar shikastlangan va bir nechta odam jarohat olgan.

Shuningdek, Peterburg neft terminalida yong‘in yuz bergan. Leningrad viloyatida bir qator dronlar urib tushirilgani va havo xavfi e’lon qilingani qayd etilgan. Pulkovo aeroportida parvozlar cheklangani hamda shaharda internet va aloqa uzilishlari kuzatilgani bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

forum hujum Peterburg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing