Kelishuv yana buzildi. Eron-Isroil bir-birini bombalayapti

Tahlil

Eron 2,5 oylik tanaffusdan so‘ng, Isroilga hujum qildi. Avvalroq, Isroil yakshanba kuni erta tongda, AQSH Livanda tinchlik rejasini e’lon qilganiga qaramay, Bayrut hududiga zarbalar bergan edi. 7 iyun kuni Eron bunga javoban Isroildagi ob’ektlarga 8 ta ballistik raketa uchirdi. Tel-Aviv buni urush e’loni deb baholadi. Isroil milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir esa, “bu kecha Tehron yonadi” deya bayonot bergan. Isroil tomon uchayotgan raketalar ostida Tehron ko‘chalarida eronliklar bu holatni bayramdek nishonladi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu raketa zarbalari Isroilning Bayrutga uyushtirgan avvalgi hujumlariga, shuningdek, AQSH va Isroil tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning buzilishiga javoban amalga oshirilgan. Isroil Mudofaa armiyasi Eronning raketa hujumlaridan so‘ng, javob zarbasini amalga oshirganini ma’lum qildi.

Xo‘sh, qariyb 2,5 oylik tanaffusdan so‘ng, yana avj olgan mojaro qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Tomonlar muzokaralar stoliga qayta oladimi yoki mintaqa yangi harbiy eskalatsiya bosqichiga kirib bormoqdami?

Eron Isroilni bombardimon qildi

7 iyun kuni Eron Isroilning shimoliy hududlariga bir necha to‘lqinli raketa hujumlarini amalga oshirdi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Nazaret yaqinidagi Ramat-David aviabazasini nishonga olganini ma’lum qildi. Isroil Mudofaa Armiyasi (SAHAL) ma’lumotlariga ko‘ra, Eron tomonidan uchirilgan barcha raketalar havo hujumidan himoya qilish maqsadida mudofaa tizimlari yordamida yo‘q qilingan. Biroq, uning qoldiqlari Naxariya va Tiberiya shaharlariga tushgani haqida xabar berilgan. Tarmoqlarda ham Eronning bir nechta raketasi Isroil hududiga tushgani va uni Temir gumbaz ushlab qola olmaganini aks etgan videolar tarqaldi.

Eron rasmiylari Isroil Bayrut janubidagi nishonlarga zarba berish orqali “barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tganini” ta’kidladi. Avvalroq, Isroil Livan poytaxtining janubida joylashgan “Hizbulloh” ob’ektlariga zarba berganini ma’lum qilgan edi. Raketa hujumlaridan so‘ng, Isroil armiyasi Bosh shtabi rahbariyati dushmanga qarshi qat’iy javob qaytarilishini ma’lum qildi. Armiya vakillari Eron “jiddiy xatoga yo‘l qo‘yganini” ta’kidladi. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa, Isroil yanada kuchliroq zarbalarga duch kelishini ma’lum qildi. Eronning Xatam al-Anbiya markaziy qo‘mondonligi Isroilni Livan janubi va Bayrutning Dahiya hududidagi hujumlarini to‘xtatishga chaqirdi. Bayonotda aytilishicha, agar Isroil ushbu hududlardagi harbiy harakatlarini kengaytirsa yoki Eronning harakatlariga javob qaytarsa, “yanada kuchliroq va vayronkor zarbalar”ga duch keladi hamda Isroil va uning ittifoqchilariga qarshi hujumlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, qo‘mondonlik Isroilni Livan xalqiga qarshi hujumlarni kuchaytirishda, xalqaro tashkilotlarning sukunati va AQSHning qo‘llab-quvvatlashi fonida sulhni buzishda aybladi. Kechasi Isroilga qarshi uchirilgan Eron dronlarida esa “Biz Livanni tark etmaymiz” degan she’rlar yozilgan.

“Bu operatsiya bir martalik harakat emas, balki uzluksiz davom etadigan bir haftalik hujumlarning boshlanishidir. Keyingi yetti kun davomida dushman to‘xtatilmaguncha va belgilangan maqsadlarga erishilmaguncha raketa va dronlar to‘lqini kecha-yu kunduz davom etadi”, deyiladi korpus bayonotida.

Eron davlat televideniyesida Isroil tomon uchayotgan raketalar ostida Tehron ko‘chalarida nishonlanayotgan bayram tantanalarini aks ettiruvchi lavhalar efirga uzatilgan. Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, ushbu raketa zarbalari Isroilning Bayrutga uyushtirgan avvalgi hujumiga hamda AQSH va Isroil tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining boshqa buzilishlariga javoban amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Eronning Isroilga yo‘naltirgan raketa zarbalari fonida Livanning ayrim hududlarida odamlar ko‘chalarga chiqib, Eron bayroqlarini ko‘targani videolarda aks etgan.

Xalqaro nashrlarning xabar berishicha, Isroilning bir qator hududlarida yashovchi aholi rasmiy ko‘rsatma berilmaguncha boshpanalarni tark etmaslikka chaqirilgan. Shuningdek, Isroildagi o‘zbekistonliklar ham ogohlantirilgan. Keskinlik fonida xavfsizlik nuqtai nazaridan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Xavfsizlik maqsadida himoyalangan joylarga yaqin hududda bo‘lish, havo hujumi haqida signal yoki sirena yangraganda zudlik bilan boshpanalarga kirish hamda rasmiy ruxsat berilmaguncha ularni tark etmaslik tavsiya etiladi.

Hujumlar fonida Isroil Tel-Avivdagi Ben-Gurion xalqaro aeroporti faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Qatar ham havo hududini yopgan, keyinroq Eron ham havo hududini yopgani ma’lum qilindi. Isroil milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir esa, “bu kecha Tehron yonadi” deya bayonot bergan.

Isroil ham Eronga javob zarbalarini yo‘lladi

Isroil ham Eronga javob zarbalarini yo‘lladi. Isroil Mudofaa kuchlari Eronning g‘arbiy va markaziy hududlaridagi harbiy ob’ektlarga zarba berdi. Tehrondagi Mehrobod xalqaro aeroporti ham zarbalar ostida qoldi. Tehron, Karaj, Tabriz, Urmiya, Kirmonshoh, Najafobod va Sheroz shaharlarida portlashlar eshitilgan.

Shuningdek, Iroq poytaxti Bag‘dodga ham hujum qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Isroil armiyasi havo kuchlari Eron hududidagi harbiy nishonlarga zarba berayotganini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Eron janubi-g‘arbidagi Mahshahr shahrida joylashgan neft-kimyo korxonasidan Isroil havo hujumi natijasida tutun ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.

Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron bilan keskinlashib borayotgan qarama-qarshiliklar fonida mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da xavfsizlik mahkamasi yig‘ilishini o‘tkazadi. Qayd etilishicha, yig‘ilish kun tartibining asosiy mavzusi Isroil va Eron o‘rtasidagi tobora kuchayib borayotgan ziddiyat hamda xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar bo‘lishi kutilmoqda.

Tramp Isroilni ogohlantirdi

Tramp Isroilning Bayrutga uyushtirgan hujumlaridan norozi. AQSH Prezidenti Donald Tramp “Axios” nashriga bergan intervyusida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxudan javob hujumlarini to‘xtatishni so‘rash niyati borligini ma’lum qildi. Uning fikricha, bu ehtimoliy AQSH-Eron kelishuvini saqlab qolish uchun muhim hisoblanadi.

Xalqaro nashrlarning xabar berishicha, Tramp Netanyaxuga AQSH Eron bilan erishadigan har qanday kelishuvni qabul qilishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytgan.

“Netanyaxuning boshqa tanlovi yo‘q. Qarorlarni men qabul qilaman. Barcha qarorlarni men qabul qilaman. Netanyaxu qaror qabul qilmaydi,” – dedi Tramp.

Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, Eronning so‘nggi hujumlari ehtimoliy kelishuvga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. “Fox News” xabariga ko‘ra, Tramp Eronga ham murojaat qilib, “Yetarli. Muzokaralar stoliga qayting,” degan. Shuningdek, u Isroilning Bayrutga bergan zarbalaridan noroziligini ham bildirdi.

Urushni to‘xtatishga qaratilgan AQSH–Eron muzokaralari boshlanganidan beri Isroil Livanda “Hizbulloh” bilan urushni davom ettirmoqda. Isroil rasmiylari bu masala Eron bilan tuzilgan har qanday o‘t ochishni to‘xtatish shartnomasidan alohida ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlamoqda. Tehron esa, har qanday tinchlik shartnomasi Livanda ham o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilinishiga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda.

Eron havo hududini, Isroil esa maktablarini yopdi 

Yaqin Sharqda keskinlik keskin ortgani sababli Eron o‘z havo hududini butunlay yopdi, Isroil esa, xavfsizlik holati yomonlashgani sababli butun mamlakat bo‘ylab maktablarda darslarni bekor qildi. Eron fuqaro aviatsiyasi tashkiloti mamlakat havo hududi barcha fuqaro reyslari uchun to‘liq yopilganini ma’lum qildi. Ushbu qaror ehtimoliy harbiy tahdidlar va yuqori tayyorgarlik holati fonida qabul qilingan. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Isroil rasmiylari yaqin soatlarda vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligini, shu sababli butun mamlakat bo‘ylab ta’lim muassasalari – bolalar bog‘chalari, maktablar va yozgi ta’lim dasturlari butunlay to‘xtatilganini e’lon qildi. Bu kamdan-kam uchraydigan keng ko‘lamli chora bo‘lib, xavfsizlik xavfi yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Erondan so‘ng, Iroq ham o‘z havo hududini vaqtincha yopib, havo qatnovini to‘xtatdi. Fuqaro aviatsiyasi vakillari xavfsizlik sabablarini keltirishdi. Iroq aviatsiya boshqarmasi taqiq 72 soat davom etishini ma’lum qildi. Suriya ham o‘zining janubiy havo hududini 12 soatga yopdi va Damashq aeroporti faoliyatini to‘xtatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Tramp mojaro Isroil muzokara hujum Tehron bombardimon Tel'-Aviv Kelishuv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing