Pokistonda portlash oqibatida 5 politsiyachi halok bo‘ldi
Olam
−
16:20 778 2 daqiqa
Bugun, 23 dekabr kuni Pokistonning shimoli-g‘arbiy qismida sodir etilgan qurolli hujum va portlash oqibatida besh nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy politsiya ma’lumotlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hujumchilar avval politsiyachilar harakatlanayotgan transport vositasini qo‘lbola portlovchi moslama bilan nishonga olgan. Portlashdan so‘ng ular o‘t ochgan. Hodisa oqibatida to‘rt nafar politsiya zobiti va avtomobil haydovchisi halok bo‘lgan. Hozircha hech bir guruh ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif voqeani keskin qoraladi.
“Politsiya doim terrorizmga qarshi kurashda oldingi safda turib kelmoqda”, dedi u.
Hujum Xayber Paxtunxva viloyatining Karak tumanida sodir bo‘lgan. Mazkur hudud avvalroq jangarilar hujumlaridan deyarli zarar ko‘rmagan hududlardan biri hisoblangan. Voqea Pokiston va qo‘shni Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashib, zo‘ravonliklar kuchaygan bir pallada yuz berdi.
Islomobod jangarilar Pokistonga qarshi hujumlarni Afg‘oniston hududidan rejalashtirayotganini ta’kidlamoqda. Qobul esa bu ayblovlarni rad etib, Pokistondagi xavfsizlik muammolari ichki masala ekanini bildirgan.
Pokistonning tog‘li chegara hududlaridagi hodisalar qariyb 20 yildan buyon mamlakat hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan “Tehrik-e-Tolibon Pokiston” guruhi faoliyati bilan bog‘lab kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston va Afg‘oniston chegarasida otishma sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.