PPX xodimiga musht tushirgan erkakning podpolkovnik akasi ishdan olindi
3-sahifa
−
03 aprel 24091 2 daqiqa
Avvalroq, Toshkent shahrida mast holda mashina boshqargan erkak post-patrul xizmati xodimiga musht tushirgani va jarayonga uning akasi ekani aytilgan podpolkovnik aralashgani xabar qilingan edi. Bugun, 3 aprel kuni ukasining harakatlari ortidan ichki ishlar organlari tizimida ishlovchi podpolkovnik Sherzod Pardayev ishdan olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, IIV tizimida qonuniylik va xizmat intizomini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish vazir o‘rinbosari polkovnik Diyorbek Sattarov rahbarligida Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilib, unda sohada to‘planib qolgan kamchilik va muammolar tanqidiy-huquqiy jihatdan tahlil etilgan.
Xususan, kecha, 2 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hamda jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan holat – Sirdaryo viloyati IIB rahbar xodimi va uning yaqin qarindoshi ishtirokidagi huquqbuzarlik keskin muhokama qilingan. Ushbu holat xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va mansab mavqeidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish ehtimolini ko‘rsatuvchi salbiy holat sifatida huquqiy baholangan.
Huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan podpolkovnik Sherzod Pardayev vazirlikning tegishli buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etilgan.
“Uning misolida xizmat intizomini buzgan shaxslarga nisbatan javobgarlik muqarrarligi prinsipi amalda ta’minlanishi shartligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, mansab va lavozimdan qat’i nazar, xizmat intizomini buzgan har qanday xodimga nisbatan murosasiz choralar ko‘rilishi davom ettirilishi qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, haydovchi protsessual tartibda ushlanib, unga nisbatan Yashnobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish), 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Live
Barchasi