“Mingo‘rik – “Ippodrom” yo‘nalishida yangi metro liniyasi qurilishi mumkin

Jamiyat

image

“Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishida yangi metro liniyasi qurilishi mumkin. Bu haqda bugun, 13 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2030 yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5-3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Metropoliten infratuzilmasini yaxshilash va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ham qator choralar belgilanmoqda. Jumladan, 2026-2028 yillarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi ob’ektlari texnik bazasini takomillashtirish choralari ko‘riladi.

Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etilgan. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80-90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali daromadlarni oshirishga ham xizmat qiladi.

Yana bir muhim yo‘nalish – yangi liniyalar qurilishi. Xususan, “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda “Mingo‘rik – Janubiy vokzal” yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa “Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi. 

Prezident jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini ta’kidlagan. Shu bois, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va zamonaviy boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etilgan. Taqdim etilgan takliflar ma’qullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent metropoliten metro liniyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing