Prezident ishlamay quruq oylik olib o‘tirgan mulozimlarni tanqid qildi

Jamiyat

image

Joriy yilda O‘zbekiston ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi. Buning uchun qiyin yo‘l bosib o‘tilgan, biroq ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan “bitta poyezdda ketyapti”. Bu haqda bugun, 24 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida o‘tayotgan birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z ochdi.

Birinchi chorak yakuni bilan yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga, qishloq xo‘jaligi 5,1 foizga o‘sgan. Eksport 5,8 milliard dollarni, xorijiy investitsiya hajmi esa 13,7 milliard dollarni tashkil qildi. Inflyatsiya yillik hisobda birinchi marta 7,1 foizgacha pasaygan.

Bularning hisobiga yanvar-mart oylarida byudjet daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 103 trillion so‘mga yetdi. Mahalliy byudjetlarda qo‘shimcha 2 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ shakllandi.

Muhimi, shundan 1 trillion 400 milliard so‘m tuman va shaharlar ixtiyorida qolgan.

“Kelasi oy 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizini ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqaramiz. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli “Franklin Templeton” kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti.

Bir narsani bilinglar: iqtisodiyotimizni xalqaro miqyosda yangi darajaga olib chiqish uchun chuqur o‘ylab, yakuniy qarorga kelganmiz”, deydi davlat rahbari.

O‘tgan hafta Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’lon qilgan hisobotda yuqori iqtisodiy faollik orqali O‘zbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etilgan.

Prezident yana bir ko‘rsatkichga e’tibor qaratgan: joriy yil O‘zbekiston nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoridan joy olgan.

“Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganimizni bilganlar biladi.

Umuman, yil boshidan erishilgan natijalar, ko‘rsatkichlar mehnatimizga yarasha bo‘ldi. Lekin ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan “bitta poyezdda ketyapti”.

Zamon, iqtisodiyot va odamlar talabi kun sain ortmoqda. Yilning uchdan biri o‘tib bo‘ldi. Afsuski, ayrimlar hali ham “uyg‘ongani yo‘q”, deydi Prezident.


Maqola muallifi

Teglar

videoselektor Shavkat Mirziyoev iqtisodiyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing