Putin Trampning odamini qabul qildi (video)
Olam
−
06 avgust 6300 2 daqiqa
Bugun, 6 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv Kremlda bo‘lib o‘tgan.
Uitkoff Moskva shahriga mahalliy vaqt bilan ertalab soat 7:00 atrofida Vnukovo-2 aeroportiga yetib kelgan. Uni aeroportda Rossiya Prezidentining maxsus vakili, Tashqi investitsiyalar bo‘yicha Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev kutib olgan.
Qayd etish joiz, Uitkoffning navbatdagi uchrashuvi AQSH va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Tramp, ilgariroq, agar Ukraina urushi bo‘yicha murosaga erishilmasa, AQSH Rossiyaga yangi sanksiyalar va import bojlarini joriy qilishi mumkinligi haqida gapirgandi. U bu bojlarning 100 foiz atrofida bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
“Agar Uitkoff Moskvadagi muzokaralarda ijobiy natija bilan qaytmasa, sanksiyalar masalasida qaror qabul qilamiz”, deya bildirgan edi Oq uy rahbari.
Shu bilan birga, Tramp Rossiya sanksiyalarni yaxshi yengib o‘tayotganini ham tan olgan. Unga ko‘ra, agar insonlar o‘limi to‘xtatilsa va kelishuvga erishilsa, sanksiyalar shart emas.
Demak, Uitkoffning Rossiyadagi muzokaralari AQSHning keyingi qarorlarini belgilovchi muhim omilga aylanmoqda. Tramp bugun, 6 avgust kechqurun Oq uydan chiqish qilib, sanksiyalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qilishi ham kutilmoqda.