Putin va Makron o‘zaro gaplashib olmoqchi
Olam
−
10:37 2997 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan muloqotga tayyor. Bu haqda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov RIA Novosti nashriga bergan intervyusda so‘z ochdi.
Peskovning aytishicha, Makron Putin bilan suhbatlashishga tayyor ekanini bildirgan. Shu munosabat bilan u Prezident Putinning to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot chog‘ida aytgan so‘zlarini eslatib o‘tgan. Putinning o‘zi ham Makron bilan dialog olib borishga tayyorligini bildirgan. Peskovning ta’kidlashicha, agar o‘zaro siyosiy iroda mavjud bo‘lsa, buni faqat ijobiy holat sifatida baholash mumkin.
Bir necha soat o‘tib, Makron administratsiyasi Moskvaning muloqotga tayyorligini olqishlagan va yaqin kunlarda keyingi harakatlarni amalga oshirishning eng maqbul yo‘lini tanlash bo‘yicha qaror qabul qilinishini bildirgan.
Shu bilan birga, Yelisey saroyida Rossiya bilan olib boriladigan har qanday muzokaralar Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Yevropadagi ittifoqchilar uchun “to‘liq shaffoflik” sharoitida o‘tkazilishi ta’kidlangan.
Makron 19 dekabr kuni Putin bilan suhbatni Yevropa uchun qayta tiklash foydali bo‘lishi mumkinligini aytgan edi. Uning fikricha, yevropaliklar bunga erishish yo‘llarini yaqin haftalar ichida topishi lozim.
Iyul oyida Makron va Putin uch yil ichidagi ilk telefon suhbatini o‘tkazgan. Uning davomida Ukrainadagi harbiy harakatlar, shuningdek, Eron va Isroil o‘rtasidagi urush masalalari muhokama qilingan.
Live
Barchasi