Ramzan Qodirov Ukrainadagi urush boshlanganidan beri 36-marta mukofot oldi

Olam

image

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Ukrainadagi urush boshlanganidan beri 36-marta mukofot oldi. U Rossiyada fermerlik harakatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun I darajali medal bilan taqdirlandi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi. 

Mukofotni Rossiya Davlat dumasining agrar masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Rossiya fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi kooperativlari assotsiatsiyasi prezidenti Vladimir Plotnikov Grozniyda o‘tkazilgan tantanali marosimda topshirgan. Qodirov uning qo‘lidan ushbu Assotsiatsiyaning eng yuksak mukofotini olishdan “mamnun bo‘lganini” aytgan. Plotnikov esa Chechenistonning so‘nggi yillarda agrar sohasi sezilarli o‘sishga erishganini, u yerda innovatsion texnologiyalar va zamonaviy texnika qo‘llanilayotganini ta’kidlagan. Qayd etish joiz, Qodirov 2021 yilda “Faxriy fermer” unvonini ham olgan.

Bu Ukrainaga Rossiya bosqini boshlanganidan beri Checheniston rahbarining kamida 36-mukofoti bo‘ldi. Avgust oyi boshida ularning soni 31 taga teng bo‘lgan. Shundan beri Qodirov maktab o‘quvchilarining raqamli savodxonligini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofot, Vedenskiy tumani medali, Shimoliy Kavkaz musulmonlari koordinatsiya markazidan “Sunnani himoya qilgani uchun” ordeni va Checheniston Qahramoni unvonini ikkinchi marta olgan. Ikkinchi “Oltin yulduz” unga 5 oktyabr – tug‘ilgan kunida topshirilgan.

Urush boshlanganidan beri Qodirovning kolleksiyasiga 13 ta turli tashkilot mukofoti (jumladan, 2022 yil may oyida Kurchatov instituti ordeni va 2024 yil iyunida Rossiya bosh arxitektorlari kengashidan “Kentavr” belgisi), 10 ta idoraviy mukofot (jumladan, “Qishloq xo‘jaligi majmuasining faxriy xodimi” va “Tez yordam a’lochisi” unvonlari, 2024 yil oktyabrda ikki kun farq bilan olingan), ikki davlat ordeni – Aleksandr Nevskiy ordeni va “Vatanga xizmatlari uchun” II darajali orden, uchta mintaqaviy mukofot (jumladan, Checheniston Qahramoni unvoni, birinchi marta 2022 yilda berilgan), shuningdek, Ukrainadagi bosib olingan hududlar ma’muriyatlaridan uchta mukofot – “LXR do‘stlik ordeni”, “LXR qahramoni” medali va “Mariupolni ozod qilgani uchun” medali qo‘shilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ramzan Qodirovga “Checheniston Respublikasi Qahramonining oltin yulduzi” unvonini olgani haqida xabar berilgan edi. Medal respublika bosh vaziri Magomed Daudov tomonidan topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ramzan Qodirov mukofot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing