“Real” prezidenti o‘zgarishi mumkin
Sport
−
13 may 1043 1 daqiqa
“Real Madrid” futbol klubi prezidenti Florentino Peres ketma-ket ikkinchi mavsum sovrinsiz yakunlanganidan so‘ng klub prezidentligi uchun muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda “El Confidencial” nashri xabar berdi.
2025 yil yanvar oyida Peres yana to‘rt yil muddatga “Real Madrid” prezidenti etib qayta saylangan edi. 2009 yildan buyon klubdagi prezidentlik saylovlari raqobatsiz o‘tib kelmoqda.
Peresning ta’kidlashicha, klubdagi inqirozdan unga qarshi kampaniya sifatida foydalanilmoqda. Shu bois u prezidentlikka nomzodini qo‘yishni istaganlarni ochiqchasiga saylovlarda ishtirok etishga chaqirdi.
“Bu kampaniya ortida turganlar haqida gapirmoqchiman. Aytilishicha, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan, parda ortida ishlayotgan odamlar bor. Men ularni saylovlarda ishtirok etishga taklif qilaman”, deydi Peres.
79 yoshli Peres 2000–2006 yillarda “Real Madrid” prezidenti bo‘lib ishlagan va 2009 yilda yana ushbu lavozimga qaytgan. Uning boshqaruvi davrida madridliklar yetti bor La Liga chempioni, uch marta Ispaniya kubogi sohibi va yetti karra Superkubok g‘olibiga aylangan.
Shuningdek, klub Peres davrida yetti marta UEFA Chempionlar ligasi, olti bor UEFA Superkubogi, besh marta FIFA klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati hamda ikki marta Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi