“Barselona” Peresni sudga bermoqchi
Sport
−
12:25 808 2 daqiqa
“Barselona” klubi “Real Madrid” prezidenti Florentino Peresning Ispaniya Qirollik Futbol Federatsiyasi (RFEF) texnik hakamlar qo‘mitasining sobiq vitse-prezidenti Enrikes Negreyra ishi bo‘yicha bergan bayonotlari yuzasidan sudga murojaat qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, Peres matbuot anjumanida “Real Madrid” Negreyra ishi bo‘yicha UEFA’ga 500 sahifalik murojaat tayyorlayotganini bildirgan edi. U, shuningdek, Negreyraning harakatlari nafaqat “Real Madrid”ga, balki boshqa klublarga ham zarar yetkazganini ta’kidlab, “Barselona” har doim hakamlar qarorlaridan foyda ko‘rganini aytgan. Peresning fikricha, uning rahbarligidagi “Real Madrid” amalda 14 marta Ispaniya chempioni bo‘lishi kerak edi, biroq ayrim unvonlar “o‘g‘irlangan”.
Bunga javoban “Barselona” bayonot berib, klubning yuridik bo‘limi Peresning so‘zlari va ayblovlarini o‘rganayotganini bildirdi. Klub hozircha keyingi huquqiy qadamlar ko‘rib chiqilayotganini, zarurat tug‘ilsa rasmiy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.
2023 yil fevralida ommaviy axborot vositalarida “Barselona” 2016–2018 yillar oralig‘ida Negreyraga hakamlar hisobotlari uchun taxminan 1,4 million yevro to‘lagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Keyinchalik prokuratura klub 2001–2018-yillar davomida unga 7 million yevrodan ortiq mablag‘ o‘tkazganini bildirgan.
2023 yilda “Barselona” poraxo‘rlikda ayblangan, biroq 2024 yil may oyida ayrim ayblovlar bekor qilingan. Negreyra esa o‘z navbatida u faqat klubga hakamlar bo‘yicha maslahat berganini aytgan.
2025 yil oktyabr oyida “Barselona” rasman sud jarayonida gumonlanuvchi sifatida chaqirilgani haqida xabarlar chiqqan, dekabr oyida esa “Real Madrid” ushbu ish bo‘yicha “Barselona”ga qarshi katta miqdordagi da’vo qo‘zg‘atishni ko‘rib chiqayotgani aytilgan.
Live
Barchasi