“Real” yulduzi jiddiy jarohat oldi
Sport
−
02 fevral 1340 1 daqiqa
Kecha, 1 fevral kuni “Real Madrid” jamoasi o‘z maydonida “Rayo Valekano”ni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuv avvalida “Real” yarim himoyachisi Jud Bellingem jiddiy jarohat olib maydonni tark etdi.
“Real Madrid” jamoasi futbolchimiz Jud Bellingem ustidan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikdan so‘ng uning chap oyog‘ida yarim pay jarohati aniqlandi”, deyiladi klub bayonotida.
Jurnalist Xose Luis Sanchesning xabar berishicha, 22 yoshli futbolchiga chap oyog‘idagi payning qisman shikastlanishi tashxisi qo‘yilgan. Shu sababli yarim himoyachi tiklanish jarayonigacha taxminan bir oy maydonga tusha olmaydi.
Shu tariqa, Jud Bellingem “Real Madrid”ning Portugaliyaning “Benfika” jamoasiga qarshi Chempionlar ligasi pley-off bosqichi doirasidagi har ikkala uchrashuvida ham (17 va 25 fevral kunlari) maydonga tusha olmaydi.
Shuningdek, yarim himoyachining La Liga doirasida “Valensiya” (8 fevral), “Real Sosedad” (14 fevral), “Osasuna” (22 fevral) va “Xetafe” (1 mart) jamoalariga qarshi bo‘ladigan to‘rtta uchrashuvni ham o‘tkazib yuborishi ehtimoli yuqori.
Ma’lumot uchun, Jud Bellingem joriy La Liga mavsumida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan.