“Real” yulduzlari janjallashgani uchun yarim mln yevro jarimaga tortildi

Sport

image

Madridning “Real” klubi mashg‘ulot maydonida yuz bergan mojaro sabab fransuz futbolchisi Orelen Tchuameni va urugvaylik Federiko Valverdega har biriga 500 ming yevro miqdorida jarima soldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, Valverde va Tchouameni jamoaning mashg‘ulot bazasida tortishib qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qoidabuzarlik ortidan yuzaga kelgan bahs futbolchilarning bir-birini itarishi va janjallashuviga sabab bo‘lgan. Mojaro ertangi kun ham davom etgan va navbatdagi hodisa “juda jiddiy” deb baholangan.

Janjalni to‘xtatish uchun bir nechta futbolchilar aralashgan. Yakunda Valverde boshidan jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik Madridning “Real” klubi futbolchilarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilganini tasdiqladi hamda Valverde jarohati sabab Kataloniyaning “Barselona” klubiga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishini ma’lum qildi.

Biroq Valverdening o‘zi esa Tchuameni bilan mushtlashuv bo‘lganini rad etdi va ular bir-biriga zarba bermaganini ta’kidladi.

“Futbolchilar sodir bo‘lgan voqeadan chuqur afsusda ekanliklarini bildirib, bir-biridan uzr so‘rashdi. Shuningdek, ular klub, jamoadoshlari, murabbiylar shtabi va muxlislardan ham uzr so‘rashdi. Har ikki futbolchi klub lozim deb topadigan istalgan sanksiyani qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Mavjud vaziyatni inobatga olib, Madridning “Real” klubi har bir futbolchiga 500 ming yevro miqdorida moliyaviy jarima qo‘llashga qaror qildi va shu bilan ichki tartib-taomillar yakunlandi”, deyiladi klub rasmiy bayonotida.

Madridning “Real” klubi ertaga, 10 may kuni safarda Kataloniyaning “Barselona” klubiga qarshi maydonga tushadi. Agar madridliklar ushbu bahsda ochko yo‘qotsa, “Barselona” muddatidan oldin Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritadi.


Maqola muallifi

Teglar

“Real Madrid” Federiko Val'verde Orel'en Tchuameni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing