Rossiya armiyasida qariyb 13 ming markaziy osiyolik bor – OAV

Olam

image

Markaziy Osiyoning qariyb 13 ming fuqarosi Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etmoqda yoki ishtirok etgan. Bu haqda mustaqil jurnalist Grigoriy Pirlikning “Ukraina-Markaziy Osiyo” loyihasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ma’lumotlar jurnalistning so‘roviga asosan Rossiya armiyasi harbiylarining asirga tushishi masalalari bilan shug‘ullanuvchi “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) tashkiloti tomonidan taqdim etilgan.

E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, jami 12 666 nafar Markaziy Osiyo fuqarosining shaxsi ism-sharifi bilan aniqlangan, ulardan:

  • 4 853 nafari – O‘zbekiston fuqarosi;
  • 3 407 nafari – Tojikiston fuqarosi;
  • 2 389 nafari – Qozog‘iston fuqarosi;
  • 1 439 nafari – Qirg‘iziston fuqarosi;
  • 578 nafari — Turkmaniston fuqarosi.

Qayd etilishicha, 2025 yil davomida “Xochu jit” loyihasi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, Ukrainaga qarshi jang qilishga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining ism-sharifi keltirilgan ro‘yxatlarni ikki marta e’lon qilgan:

  • May oyida ro‘yxatdan 1 110 nafar o‘zbekistonlik joy olgandi.
  • Iyul oyida yangi ro‘yxat 902 ta familiyani o‘z ichiga olgan.

Shunday qilib, o‘tgan yilning iyul oyiga kelib loyiha ixtiyorida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan 2 012 nafar o‘zbekistonlik haqida ma’lumot bo‘lgan. 2025 yilning iyulidan 2026 yilning yanvarigacha bo‘lgan davr ichida “Xochu jit” O‘zbekiston pasportiga ega yana 2 841 nafar okkupantning ma’lumotlarini aniqlagan.

Ma’lumot uchun, “Xochu jit” loyihasi Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan. So‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘nlab fuqarolarga nisbatan ayblov hukmlari chiqarildi. Mahkumlarga nisbatan nisbatan 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan (Tojikiston urush qatnashchilarini jinoiy javobgarlikka tortmayapti, yopiq Turkmanistonda esa bu masala bo‘yicha ma’lumot yo‘q).

Ukraina tomoniga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari deyarli har doim faqat piyoda qo‘shinlari sifatida ishlatiladi va ular to‘g‘ridan to‘g‘ri oldingi chiziqdagi “go‘shtli hujumlar”ga yuboriladi. Shuningdek, markaziy osiyolik ayrim migrantlar Rossiyada huquq-tartibot idoralari xodimlari ularni qo‘rqitish orqali Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majburlayotgani haqida bir necha bor shikoyat qilgan.

Xususan, 2025 yilda Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin huquq-tartibot idoralari Rossiya pasportini olgan 80 mingga yaqin migrantni “tutganini”, ulardan 20 mingga yaqini Ukrainaga qarshi urushga yuborilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, idora xodimlari IIV va Rosgvardiya bilan hamkorlikda Rossiya fuqaroligini olgan, ammo harbiy ro‘yxatga turmagan xorijliklarni aniqlash uchun muntazam ravishda reydlar o‘tkazib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning oktyabr oyida “Xochu jit” loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari safida yollanib, halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan 481 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Markaziy Osiyo Rossiya armiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing